Namanganda yuk mashinasiga “Kobalt”ga tegishli davlat raqami taqilganligi fosh etildi

Namanganda  yuk mashinasiga “Kobalt”ga tegishli davlat raqami taqilganligi fosh etildi

Bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida yurtimizga turli qing‘ir yo‘llar bilan olib kelinayotgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish borasida bojxona organlari xodimlari tomonidan muntazam ravishda tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbir davomida fuqaro M.A. boshqaruvidagi “GAZ-53” rusumli yuk avtomashinasi Qo‘riq MFY hududida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu yuk mashinasi qo‘shni mamlakatdan noqonuniy ravishda O‘zbekistonga olib kirilganligi hamda unga taqib olingan davlat raqami aslida “Kobalt” avtomashinasiga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.

Yana bir holatda davlat raqami mavjud bo‘lmagan “Neksiya-2” rusumli avtomashina Yangiqo‘rg‘on tumani Zarkent qishlog‘i Furqat MFY hududida to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda nazoratdan o‘tkazildi. Natijada, avtomashina muqaddam qo‘shni mamlakatdan noqonuniy yo‘llar orqali olib o‘tilganligi hamda avtomashina yukxonasida Uychi tumanida yashovchi A.Z.ga qarashli “VAZ-2101” rusumli avtomashinaga tegishli davlat raqami borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!