Koronavirus pandemiyasidan butunlay xalos bo‘lsak, keyin nima qilamiz?

Koronavirus pandemiyasidan butunlay xalos bo‘lsak, keyin nima qilamiz?

Besh yuzta, balki undanam ko‘proq maqola yozgandirman, badiiy publisistika, hikoyalar qoralagandirman, ammo birortasiga “Intizom” deb sarlavha qo‘ymabman. Men va millionlab insonlar rioya qiladigan hayot tarzining o‘nlab qirralari ichida eng o‘tkiri intizom ekanligini chuqurroq o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Uning nima ekanligini bizga koronavirus pandemiyasi bildirdi, ko‘zimizni ochdi, intizomni bor-budicha ko‘rdik. Karantin qoidasiga rioya qilganlarni intizomli deyishdi. Virusdan omon qolay degan onalar uyida bolalarini bag‘riga bosib, ertak aytib berdi. Topishmoq, she’r aytishni o‘rgandi. Onlayn darslariga yordam berdi, birga-birga o‘qituvchi bo‘lib o‘qitdi.  Bu xil intizomga majburiy ko‘nikdi. Uyda o‘tirib qonunlarni hurmat qildi, Prezidentimiz kunora ta’kidlayotgan “Bu balodan xalqni intizom qutqaradi!” degan xitobiga rioya qilishdi. Ko‘rib turdim – hech kim aytmasa ham ayolim, bolalarim, nevaralarim va boshqa minglab kishilar  zaruratdan ko‘chaga, do‘konga chiqsalar, yuziga niqob taqdi.

- Mana bu arifmetik masalani tushuntirib bering, nevaram ikkimiz tushunmayapmiz,  - deya kirib keladi yon qo‘shnimiz Mastura opa. - Telekanaldan onlayn yuborilayotgan dars mavzusi, biz to‘g‘ri yechsak muallimi baho qo‘yadi”.

- Juda yaxshi-da, Mastura opa, - deyman ayolning 2-sinfda o‘qiyotgan nabirasining darslariga yordamlashayotganidan xursand bo‘lib. Arifmetik masala shartlari va yechimini buvi bilan nabiraga tushuntiraman. Ilmni, maktabni, o‘qituvchi mehnatini tushunib, qadrlab, yurakdan his etayotganlar ko‘paygani yaxshida.

- O‘qituvchining joniga to‘zim bersin-e, - deydi ayol. - Ikki oydan beri uch nevaramga dars o‘rgataman deb esim og‘ib qolayozdi. Boshim og‘riydi. Karantin tugab infeksiyaga chalinganlar tezroq tuzalsa edi.

Haftada bir kun do‘konga, dorixonaga, bozorchaga chiqaman. Yo‘lda uchragan tanishlar oraliq masofa saqlab yuzida niqob bilan bosh irg‘ab salomlashadi.

- Yuragim zo‘r ishlayapti, - deydi doimo hazil-huzul qiladigan do‘kondor Shavkat aka. - Shu desangiz, jo‘ra, to‘yib ovqat yeyaverib, qorin qo‘yib hayotning mazmunini unutib qo‘ygan ekanmiz. Har kuni to‘y, mehmonlar ketgach oshpazlar izzat ko‘rsatib dasturxon yozishadi, “yuz-yuz” bo‘ladi, maishat, tekin taom, yarim oqshom... keyin yurak bezovta qilishini ko‘ring. Karantin, pandemiya ko‘zimni ochdi – mana, bo‘larkan-ku! Sog‘lom turmush tarzi, eng zo‘ri – intizom! Nasib bo‘lsa, karantin tugasa, to‘ylarni ixcham o‘tkazish, 100 kishini taklif qilib keksalar duosini olish, bo‘ldi! Odamlar o‘rgandi, badavlatlar muhtojlar holini ko‘rdi, ularga yordam berishni o‘rgandi.

Qon bosimi doimo yuqori yuradigan odamlar o‘z-o‘zidan tuzalib qoldi - dori ichmayapti, do‘xtirga bormayapti. Sababi, koronavirus  infeksiyasi yuqmasin, uyda o‘tiray, deydi. Ko‘p yemaydi va ko‘p uxlamaydi. Virusdan omon qolayin deb o‘zi, bolalari va oilasi intizomga o‘rgandi. Gigiyena qoidalariga rioya qilyapti.

Karantin qoidalari erta-indin yumshatilib, odamlar o‘zini, hayotini o‘zi asraydigan bo‘ladi. Niqob taqishni odat qilamiz, sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilinadi. Sog‘lom turmush tarzi, uyda o‘tirish, sabr-toqat, farzandlar shodligi va quvonchi, bular – umr saodati, mas’uliyat! So‘rovimga yuzlab kishilar shunday javob berishdi. Dunyo mamlakatlaridagi pandemiyaning ayanchli ahvoli, noxush vaziyat, davolanish murakkabligi, shifokorlar yetishmayotgani, o‘lim holatlari odamni hushyorlikka chorlamoqda. Tiriklik ne’mati naqadar aziz.

- Hayot ba’zan o‘ta shafqatsiz bo‘ladi, - deydi psixolog tanishim. -  Dard boshingga soya solsa, hech kim suyanchiq bo‘lolmaydi. Buni koronavirus   infeksiyasiga chalingan bemorlar nigohida ko‘rdik, sog‘ayib shukrona aytib shifokorlarga minnatdorlik bildirishmoqda.

Hayotda tushuntirib bo‘lmaydigan hodisalar bor, Covid -19 hodisasi odamlarni birlikka, og‘ir kunlarda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashga, muhtojlarga ko‘mak berishga o‘rgatdi. Oilasi, uyi, farzandlari davrasida yillab o‘tirmaydiganlar borligi ma’lum bo‘ldi. Intizom odamlarning hayot tarziga aylandi. Maktabni xushlamaydigan o‘quvchilar ilm dargohini sog‘indi, sinfdoshlari, do‘stlarini sog‘indi. Maktab ijtimoiy institut, o‘quvchining ikkinchi uyi, ikkinchi oilasi. Bu yerda tarbiya bor, bola hayoti, kelajagi mujassam. Muallim ikkinchi ota-ona. Buni ko‘pchilik ota-onalar tushunmasdi, endi tushundi.

Intizom mehr-oqibatning bir ne’mati ekan.

Ubay QODIR


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!