Joriy yilning olti oyida 74 420 nafar xotin-qizga 1 trln. 230 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi

Joriy yilning olti oyida 74 420 nafar xotin-qizga 1 trln. 230 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili yuzasidan ma’lumot berdi:

Mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish kabi ulug‘vor maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi 158-son Farmoni bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilingan.

Strategiyada belgilangan har bir maqsad va uni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yanada yaxshilash, imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Xususan, 25-maqsad - Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash borasida qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bunda jamiyatda gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish, jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, «Ayollar daftari» bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kabilar nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston-2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024 yil 21 fevraldagi 37-son farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston - 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida 2024 yilga mo‘ljallangan yo‘nalishlar kesimidagi amaliy tadbirlar rejalari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatlariga muvofiq, Qo‘mita 6 ta bandda asosiy ijrochi, 9 ta bandida hamijrochi hisoblanadi.

Bugungi kunda vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Qo‘mita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,

Dastur doirasida 2 ta Qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqildi.

“Sog‘lom oila - sog‘lom jamiyat” shiori ostida oilalar farovonligi va barqarorligini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, mas’uliyatli ota-onalik g‘oyasini singdirish, nizoli oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarda manzilli ishlar tashkil etilmoqda.

“Oqila ayollar harakati” a’zolari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, tegishli mutaxassislar hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 120 688 ta oilalar o‘rganildi. Ulardan 59 345 tasida nizolar bartaraf etildi. 36 618 ta oila yarashtirildi, 12 347 ta aliment, 2 665 ta uyga kiritish, 4 953 ta mol-mulk bilan bog‘liq nizolar hal etildi.

2 ming nafar jarrohlik operasiyasiga muhtoj xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish uchun Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan mablag‘ ajratish bo‘yicha Qo‘mita tomonidan yillik reja tasdiqlanib, aprel-iyun oylarida 735 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar va bolalarning jarrohlik operasiyasi va davolanishi uchun 10 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Dasturga muvofiq, joylarda xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarni sotishga ko‘maklashish borasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda onlayn marketing hamda onlayn savdo faoliyati bilan shug‘ullanish borasidagi ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv kurslari tashkil etildi.

Xotin-qizlarning kichik biznes loyihalari qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan yanvar-iyun oylarida xotin-qizlar tadbirkor-ligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 74 420 nafar xotin-qizlarga 1 trln. 230 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi.

Qo‘mita tomonidan Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doimiy nazoratga olinib, amalga oshirilgan ishlar monitoring qilib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!