Jazoni ijro etish tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Jazoni ijro etish tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2024 yil 24 aprelda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamentining faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda nimalar ko‘zda tutilgan, jazoni ijro etish tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Departament axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, hukumat qarori qabul qilinishidan maqsad – departament tarkibiy va hududiy tuzilmalari shaxsiy tarkibining xizmat va jangovar tayyorgarligi samaradorligini yanada oshirishdir.

Qarorga ko‘ra, departamentning o‘quv poligoni tashkil etiladi. Namangan viloyati Uychi tumanidagi 6-son tergov hibsxonasi hududida bo‘sh turgan 0,7 ga yer maydonida tashkil etiladigan o‘quv poligoni departamentining markazlashtirilgan jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshiriladi.

O‘quv poligonida malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda departament tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlarining xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarligi muntazam oshirib boriladi.

Departament tezkor harakatlar otryadi bilan amaliy-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish orqali xodimlarning jangovar shayligi oshiriladi.

Departament tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nostandart vaziyatlarda xodimlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv yig‘inlari tashkil etiladi.

O‘quv poligoni faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bino va inshootlarni qurish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi buyurtmachi funksiyasini amalga oshiradi.

Bosh loyiha va pudrat tashkilotlari belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tender (tanlov) natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

O‘quv poligonining bino va inshootlarini qurish, o‘quv-metodik xonalar, axborot-resurs markazi, test markazi, yotoqxona, oshxona, o‘quv-taktik shaharchalar (umumqo‘shin to‘siqlar yo‘lakchasi), saf maydoni, sport maydoni (mini-stadion, vorkaut), yer osti jangovar o‘q otish tiri tashkil etish va moddiy-texnik bazasini shakllantirish departamentning markazlashtirilgan jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2025 yil 31 dekabrga qadar o‘quv poligonini qurish ishlari yakuniga yetkaziladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!