Isroil Eronning ehtimoliy javobiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Isroil Eronning ehtimoliy javobiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Isroil matbuotining xabar berishicha, mamlakat polkovnik Xodaining o‘ldirilishiga Eronning ehtimoliy javobiga tayyorlanmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, javob zarbasi shimoliy chegaralardan yoki Isroilning xorijdagi ob’ektlariga berilishi mumkin.

Avalroq Eron rasmiylaridan biri Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi polkovnigi Sayyod Xodaining o‘ldirilishi mamlakatning siyosiy qarashlarini tubdan o‘zgartirganini aytgan edi.

Sayyod Xodaining o‘ldirilishi

“Tasnim” Eron davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, 22 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida Sayyod Xodai Tehronda, o‘z uyi yaqinida o‘ldirib ketilgan. U o‘sha vaqtda o‘z mashinasida o‘tirgani aytiladi. Motosiklda ketayotgan ikki nafar noma’lum shaxs uni ovozsiz to‘pponcha bilan otib, voqea joyidan qochib ketgan. Qotillar Xodai tomon beshta o‘q otgan, ulardan uchtasi uning boshiga tekkan va u voqea joyida halok bo‘lgan.

Eron qotillikda kimni ayblaydi?

Eron polkovnikka qilingan suiqasdni “inqilobga qarshi bo‘lgan kuchlar tomonidan sodir etilgan jinoiy terrorchilik harakati” deb atadi. Eronliklar odatda bu ibora bilan AQSh va Isroilni nazarda tutadilar.

Oradan bir kun o‘tgach esa, Eronning IRNA axborot agentligi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan Isroil razvedka tarmog‘i a’zolari hibsga olingani haqida xabar berdi.

IIQK hibsga olingan agentlar "sionistik rejim maxfiy xizmatlari ko‘rsatmasi ostida harakat qilgan" va "davlat mulkini o‘g‘irlash va yo‘q qilishga urinishlar, shuningdek, iqror bo‘lish uchun odamlarni o‘g‘irlash" uchun javobgar bo‘lganini aytdi.

Isroilning da’volari

Isroil ommaviy axborot vositalari polkovnikni so‘nggi paytlarda Suriyaga mamlakatni tark etgan Rossiya qo‘shinlari o‘rniga Eron kuchlarini joylashtirish bilan faol shug‘ullanganini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab isroilliklarga qarshi qator teraktlar rejalashtirish ortida aynan Xodai turibdi. Bu hujumlarning ba’zilari so‘nggi oylarda Isroil razvedka idoralari tomonidan bartaraf etilgan.

Isroilning da’volarida aytilishicha, Xodaiga tegishli teraktlar orasida 2012 yilda Nyu-Dehlida portlatib yuborilgan Isroil diplomatik missiyasi avtomobili ham bor. Bundan tashqari, Xodai Gruziyadagi Isroil harbiy attashesi mashinasi ostiga bomba o‘rnatilganiga ham aloqador ekanligi aytiladi. Tbilisidagi ushbu muvaffaqiyatsiz terakt MOSSAD tomonidan bartaraf etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!