Hindiston Venera sayyorasini chuqurroq tadqiq etish maqsadida hamkor qidirmoqda

Hindiston Venera sayyorasini chuqurroq tadqiq etish maqsadida hamkor qidirmoqda

Bangalorda joylashgan Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti 2023 yilda Venera sayyorasini o‘rganish uchun orbital apparat yuborishini ma’lum qildi. Hozir tashkilot dunyo bo‘ylab malakali mutaxassislardan ushbu loyihada olib ketiladigan asbob-uskunalar borasida o‘z takliflarini yuborishini so‘ramoqda. Venera atmosferasiga havo shari tushirish rejasi sayyorani o‘rganuvchi olimlar tomonidan iliq kutib olindi. Chunki Oy va Mars bilan solishtirganda, so‘nggi yigirma yil ichida Venera e’tibordan ancha chetda qolgandi. Bunga sabab unga yuborilgan missiyalarning yarmidan ko‘pi muvaffaqiyatsizlikka uchrashida edi.

Hali nom berilmagan kosmik qurilma 2500 kilogramm og‘irlikda bo‘lishi mumkin va 100 kilogrammga yaqin yuk ko‘tara oladi. Hindistonning eng og‘ir raketasi – "Geosynchronous Satellite Launch Vehicle Mark III" (3-seriya geosinxron yo‘ldoshlarni uchirish qurilmasi) yo‘ldoshida ishga tushiriladi. Orbital apparat dastlab Venera atrofida katta elliptik orbitaga joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Xuddi Yer kabi Venera ham 4 mlrd yoshda bo‘lib, har ikkala sayyoraning vazni hamda o‘lchami o‘xshashdir. Ammo, bizning sayyoradan farqli ravishda, Venerada sodir bo‘lgan issiqxona effekti hodisasi unda zich, uglerod dioksidiga boy atmosferani yuzaga keltirgan. Bu holatni chuqurroq tahlil etish tadqiqotchilarga Yerdagi atmosferaning rivojlanishi haqida aniqroq ma’lumot berishi mumkin.

“Sayyoralarning qiyosiy iqlimshunosligi juda qiziqarli soha hisoblanadi. Bu ilmiy izlanishlarni Venera bilan birgalikda davom ettirish ayni muddao”, – deydi NASAning Vashingtondagi sayyoraviy fanlar bo‘limi boshlig‘i Lori Glaze.

Venera, olimlar tili bilan aytganda, tadqiqotlarni yoqtirmaydigan sayyora hisoblanadi: undagi qalin bulutlar orbital apparatdan turib izlanish olib borishni murakkablashtirsa, sayyoraning issiqligi, yuqori bosimi va sulfat kislotasi tomchilari sabab texnologiyalarga osongina shikast yetish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bugungi kunga qadar Veneraga yuborilgan 40 ta kosmik missiyadan 20 dan oshig‘i muvaffaqiyatsizlikka uchrab, faqat birgina kosmik qurilma sayyoraning yuzasiga qo‘nishni uddalagan.

"Shu sabab Merilendda o‘tkazilgan NASAning Venera tadqiqotchilari guruhi uchrashuvida to‘planganlar Hindistonning hamkorlik to‘g‘risidagi chaqiruvidan hayajonga tushdi", – deb e’tirof etadi Texasdagi Oy va sayyoralar instituti vakili Patrik Makgovern. Venera to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda missiyalarning kamligi tufayli bu sayyorani o‘rganishga qiziquvchi talabalar hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash murakkab edi. Natijada Venera tadqiqotchilari jamiyati a’zolari son jihatdan kamchilikni tashkil etardi. Bu esa, o‘z navbatida, yangidan-yangi missiyalarni bajarishga salbiy ta’sir o‘tkazayotgandi.

“Hozir Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti hind olimlari taklif qilgan jihozlardan 12 tasini tanlab oldi. Ular ichida maxsus kameralar, atmosferani o‘rganuvchi kimyoviy tahlil asboblari bor. Sayyoraviy tadqiqotlar shubhasiz xalqaro hamkorlikka asoslangan bo‘lmog‘i zarur. Biz bu loyihaga qiziqqan barcha mutaxassislardan takliflar kutib qolamiz”, – deydi tashkilot rahbari Kailasavadivoo Sivan. Aytilishicha, takliflar topshirishning so‘nggi muddati – 20 dekabr.

Patrik Makgovern Veneradagi qalin bulutlarni kesib o‘tib, uning aniqroq xaritasini olishga yordam beruvchi maxsus radar yuborishga umid qilmoqda. Kolorado universitetining yana bir olimi Larri Esposito Veneraning atmosferasini o‘rganishga yordam beruvchi asboblar jo‘natishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi. Larri, ayniqsa, Veneraning bulutlari, ularning sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan vulqon otilishiga reaksiyasini tadqiq etishga qiziqadi.

Parijdagi Kosmik tadqiqotlar milliy markazining sobiq rahbari, astrofizik Jak Blamon bir necha yil oldin Veneraning issiq atmosferasida ham kimyoviy tadqiqotlar olib borishga yaroqli bo‘lgan metall havo sharlarini ishlab chiqarishni taklif qilgan edi. Hind kosmik tadqiqotlar tashkiloti uning bu fikrini qabul qildi va uni Hindistonda ishlab chiqaradigan bo‘ldi. Ushbu metall shar 10 kilogrammdan ortiq asboblarni olib yuradi va sayyora yuzasidan 55 kilometr yuqorida bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!