G‘iybat qanday hollarda kechiriladi?

G‘iybat qanday hollarda kechiriladi?

Avvalo g‘iybatchi qiladigan g‘iybati tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishini bilib qo‘yishi kerak.

Shuningdek, uning savoblari g‘iybat qilingan odamga olib berilishini, agar savobi bo‘lmasa, narigi odamning gunohlari unga olib berilishini ham bilib qo‘ysin.

G‘iybat payti bo‘lib qolsa, o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining ayblari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoli bilsa, o‘shanga shukr qilish ila mashg‘ul bo‘lsin.

G‘iybatga ruxsatli uzrlar:

1. Zulm ko‘rish.

Zulmga uchragan kishi to haqqini olgunicha zolimning zulmi haqida gapirish va shikoyat qilishga haqli.

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Albatta, haq egasining gapi bor , deganlar.

2. Munkarni o‘zgartirish va gunohkorni to‘g‘ri yo‘lga solish.

Xususan, rahbarlarga gunoh ish qilayotganlar haqida xabar yetkazish g‘iybatga kirmaydi. Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo o‘zlariga bu kabi xabarlar kelganda g‘iybat hisoblamaganlar.

3. Fatvo so‘rashda.

Bir kishi muftiyning huzuriga kelib: Falonchi menga zulm qildi yoki haqimni bermayapti, uni qanday qilib olsam bo‘ladi? desa, g‘iybat bo‘lmaydi. Aybdorning nomini ham aytishi mumkin. Ammo Falon ishni qilgan odamning hukmi nima bo‘ladi? qabilida ishora bilan gapirilsa, yana ham yaxshi bo‘ladi.

Abu Sufyon ibn Harbning xotini Hind binti Utba eridan shikoyat qilib, uni baxil deb ataganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inkor qilmaganlar.

4. Musulmonlarni yomonlikdan ogohlantirish uchun.

Musulmonlarga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan fosiq kishilardan odamlarni ogohlantirish uchun undagi bor gapni aytib qo‘yish mumkin.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirishga izn so‘radi. Bas, u zot:

Unga izn beringlar. U o‘z urug‘ining qanday ham yomon birodari yoki urug‘ining qanday ham yomon o‘g‘li , dedilar.

U kirganida esa unga muloyim gap aytdilar. Men:

Ey Allohning Rasuli, aytgan gapingizni aytdingiz-u, keyin unga muloyim gapirdingiz? dedim.

Ey Oisha! Odamlarning yomoni odamlar uning fahshidan qo‘rqib, tark qilganlaridir , dedilar .

To‘rtovlari rivoyat qilishgan.

Ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, ushbu hadisi sharifda nomi zikr qilinmasdan, u haqda so‘z ketayotgan odamning ismi Maxrama ibn Navfal bo‘lgan. Mazkur shaxs munofiq va fosiq odamlardan bo‘lgan. Shuning uchun ham Payg‘ambarsollallohu alayhi vasallam u haqda o‘ziga eshittirmasdan, mazammat so‘zini aytganlar. Ul zot bu bilan uning yomonligini boshqalarga bildi-rib, ularning undan ehtiyot bo‘lishlari chorasini ko‘rganlar.

5. Nikoh va omonat qo‘yish masalasida birov haqida maslahat so‘ralgan odam maslahat so‘rovchiga borini aytsa, gunoh bo‘lmaydi.

6. Aybi laqabiga aylanib qolgan kishining laqabini aytish ham joiz. Misol uchun, o‘tgan mashhur kishilar ichida A’mash shilpiq va A’raj cho‘loq laqabli zotlar bo‘lishgan.

7. Ochiq-oydin fosiqlik qilgan kishining zikri.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Mujohirdan boshqa ummatimning hammasi afv qilingandir. Mujohara kishining kechasi bir ishni qilib, tong otganida, Alloh uni satr qilgan bo‘lsa ham, Ey Falonchi, kechasi undoq qildim, bundoq qildim , demog‘idir. Batahqiq, u Alloh uni satr qilgan holida yotgan edi. Tong otganida u o‘zidan Allohning satrini ochadi , dedilar .

Ikki shayx rivoyat qilishgan.

Mujohir jahr so‘zidan olingan bo‘lib, oshkora qiluvchi degan ma’noni bildiradi.

Shar’iy istilohda esa gunohni oshkora va uyalmasdan qiluvchi odamga aytiladi. Ushbu hadisi sharifdagi ta’rifga qaraganda, o‘zi qilgan gunohni odamlarga maqtanib yurgan odam mujohir hisoblanadi.

Demak, gunohni oshkora qilgan, o‘zidan sodir bo‘lgan gunohlarini gapirib yuradigan mujohirlarning gunohi afv bo‘lmas ekan. Ana shunday mujohirlarning aybini gapirish g‘iybat hisoblanmaydi.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!