Fransiya ommaviy axborot vositalari Prezidentimizning rasmiy tashrifi haqida

Fransiya ommaviy axborot vositalari Prezidentimizning rasmiy tashrifi haqida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflarini xalqaro jamoatchilik katta qiziqish, zo‘r e’tibor va yangi tashabbuslar ilhomi sifatida kuzatib boradi. Davlatimiz rahbarining Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan 8-9 oktyabr kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ham g‘oyat samarali bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, Fransiya davlatimiz rahbari rasmiy tashrif bilan borgan Yevropadagi birinchi mamlakatdir.

Prezidentlar muzokarasida O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi, turli sohalarda muhim hujjatlar imzolandi. Savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishda kelishuvlarga erishildi.

Tarixiy voqea sifatida baholangan mazkur tashrif tafsilotlari Fransiya ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

“Secret-défense.org” elektron nashrida “Terrorizmga qarshi kurashish uchun O‘zbekiston xalqaro sheriklarni ko‘paytirmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yelisey saroyida Emmanuel Makron bilan uchrashuvi oldidan mulohazalar bildirilgan.

Maqolada ikki davlat rahbarining bu uchrashuvi bank va energetika sohalarida ko‘plab shartnomalar imzolash hamda xavfsizlik masalalarini muhokama qilish fursati, deb ta’kidlanadi. Fransiya va O‘zbekistonning umumiy jihatlaridan biri – ularning terrorizmga qarshi kurashda birinchilar qatorida ekani e’tirof etilgan.

Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida terrorizmga qarshi kurash borasidagi amaliy ishlarga ham to‘xtaladi. Unda radikalizmga qarshi yangi yondashuvning birinchi yo‘nalishi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati bo‘lib, bunda asosiy e’tibor ularning umidsizligi jihodchi saflarni “boqmasligi” kerakligiga qaratilgani aytiladi. Maqolada O‘zbekiston BMTning Yoshlar huquqlari konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgani va bunga erishilgani, 2017 yilning sentyabrida BMT minbarida Shavkat Mirziyoyev diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi rezolyasiya qabul qilinishi tashabbuskori bo‘lgani, mazkur rezolyusiya ta’lim va savodsizlikka qarshi kurashni mutlaqo ustuvor yo‘nalishga ko‘targani haqida ham yozilgan.

Shuningdek, maqolada O‘zbekistonda bag‘rikeng va tinch islomni targ‘ib qilish siyosatiga yuksak baho beriladi. Jumladan, aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etishiga qaramasdan O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, uning ildizlari bag‘rikenglik an’anasi va dinlararo totuvlik munosabatlariga borib taqalishi, 2017 yil dekabr oyida qabul qilingan Prezident qarori ko‘plab fuqarolar nomini “terroristik tashkilotlarga qo‘shilgan”likda ayblanuvchilar ro‘yxatidan chiqargani aytib o‘tilgan.

Terrorizmga qarshi kurash uchun O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan sheriklikka alohida e’tibor qaratayotgani, davlatimiz rahbarining bu borada Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan kelishuvi, Janubiy Koreya, Misr kabi davlatlar bilan daromadni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashda hamkorlik qilayotgani bayon etilgan.

Agence France-Presse (AFP) axborot agentligi "O‘zbekiston Fransiya korxonalari bilan 5 milliard yevrolik shartnomalar imzoladi" sarlavhali maqolani e’lon qildi.

“Shartnomalar asosan “Total”, “Vinci”, “Suez”, “Thales Alenia Space”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan imzolandi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati. Ushbu kelishuvlar janob Mirziyoyev tomonidan mamlakatni modernizasiya qilish uchun ishga tushirilgan 40 milliard yevrolik investisiya dasturi doirasida amalga oshirildi”, deyiladi unda.

Maqolada Prezidentimizning Fransiyaga tashrifi O‘zbekistonning shaffof siyosati sifatida baholangan.

Radio France internationale (RFI) rasmiy saytidagi "O‘zbekiston islohotchi Prezidentining Fransiyaga tashrifi" nomli xabarda esa Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p mamlakatiga ikki yildan buyon rahbarlik qilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyotini yangi bosqichda rivojlantirayotgani aytilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda milliy valyuta – so‘mni konvertasiya qilish, monopoliyaga barham berish kabi islohotlar boshlangani, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun xorijiy investorlar jalb qilinayotgani bayon etilgan.

Le Caucase axborot manbasida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parijga tashrifidan nima kutish mumkin?" sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqola muallifi Sebastyan Myuller Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga ilk tashrifi rasmiy Parij va Toshkent aloqalarini mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat ekanini yozadi.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda tub islohotlar davri boshlangani qayd etilgan maqolada mamlakatda demokratik tamoyillar sezilayotganini, buning bir ko‘rinishi sifatida mamlakatda fikr va so‘z erkinligi sezilarli darajada taraqqiy etgani bayon etilgan.

Muallif fikricha, O‘zbekiston dunyo turistlari, birinchi navbatda fransuz sayohatchilarini o‘ziga jalb etuvchi qutb sifatida globallashuv jarayonida ishtirok etishni xohlaydi.

Bugun O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash anchayin osonlashgan. Mamlakatda turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda, shu maqsadda O‘zbekiston turistlar oldida ijobiy imijni shakllantirishga intilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parijga ikki kunlik tashrifi shu maqsadga ham xizmat qiladi. Jumladan, “Bouygues Bâtiment International SAS” kompaniyasi bilan qadimiy Buxoroning turistik hududida mehmonxonalar, restoran va dam olish maskanlari qurish uchun 100 million yevrolik kelishuv imzolandi, deyiladi maqolada.

O‘zbekiston demokratlashmoqda va modernizasiya bo‘lmoqda. Bu – mamlakat aholisi uchun ham, kuchli bozorga kirishni istaydigan Fransiya kompaniyalari uchun ham yaxshi imkoniyatdir, deya maqolani yakunlaydi Sebastyan Myuller.
 

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!