Fazliddin G‘oibnazarov: "Agar boksda qo‘rquv sezadigan bo‘lsang, faoliyatingni yakunlab qo‘yganing yaxshiroq"

Fazliddin G‘oibnazarov: "Agar boksda qo‘rquv sezadigan bo‘lsang, faoliyatingni yakunlab qo‘yganing yaxshiroq"

Rio—2016 Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarov professional boksdagi 5-jangini 14 iyul kuni AQShda o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi.

«Lakefront Arena» saroyi mezbonlik qiladigan jang oqshomida o‘zbekistonlik bokschi aqshlik Kevin Jonsonga qarshi ringga ko‘tariladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati esa Fazliddin bilan bog‘lanib, uning jangga tayyorgarlik jarayoni bilan qiziqdi.

«Jangga Kaliforniyada tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Murabbiyim Abror Tursunpo‘latov bilan ishlayapman. Oldinda bir oylik mashg‘ulotlar kutib turibdi. Sparring janglarni boshlaganmiz. Mashg‘ulot janglari meksikalik va amerikalik bokschilarga qarshi o‘tkazilmoqda. Shuningdek, qozog‘istonlik raqib ham mashg‘ulotlarda men bilan birga ishlaydi. Mashg‘ulotlardagi raqiblarimning barchasi baland bo‘yli va asosan o‘ng qo‘lda jang qiladi. Kevin Jonsonning bundan oldingi janglarini o‘rganib chiqayapmiz. Uning nozik tomonlarini topishga ham ulgurdik. Tayyorgarlik jarayonida bu tomonlar ham inobatga olinadi.

Raqibning ko‘rsatkichi meni qo‘rqitayotgani yo‘q. Agar boksda qo‘rquv sezadigan bo‘lsang, faoliyatingni yakunlab qo‘yganing yaxshiroq. Ringga o‘z kuchingga yuqori ishonch bilan chiqish lozim. Men doimo shu tarzda jangga chiqaman. Ortimda butun mamlakat turganini, meni qo‘llab-quvvatlayotganini bilaman. Bu menga yanada ko‘proq kuch bag‘ishlaydi», —deydi Fazliddin G‘oibnazarov.

Ma’lumot uchun Fazliddin G‘oibnazarov bunga qadar professional boksda 4 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan (2 tasida nokaut bilan). Jonson esa bungacha 5 ta jangda ringga chiqqan va ularning barchasida raqiblarini mag‘lub etgan (4 tasi nokaut).

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!