Eyish-ichishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish

Eyish-ichishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish

Musulmon odam taom yeyishdan oldin va keyin qo‘llarini yuvishi mustahabdir. Bu borada ushbu hadisi sharif vorid bo‘lgan.

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Taomning barakasi – undan oldin (ikki qo‘lni) yuvish va undan keyin (ikki qo‘lni) yuvishdir”. Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan.

Xo‘sh, nega Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizga ushbu hadisdagi tavsiyani bermoqdalar.

Keling, shu savolga javob topish maqsadida ushbu hadisdagi tibbiy hikmatlarni ko‘rib chiqaylik.

Inson har kuni turli kishilar bilan qo‘l berib ko‘rishadi. U insonlar orasida bemorlar, qo‘lida kasallik tarqatuvchi mikrobi bor bo‘lgan kishilar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, xatarli bakteriyalar in qurib olgan narsa-buyumlarni ushlashi mumkin. Ana shu paytda mazkur mikroblar uning qo‘liga o‘tadi. Keyin u odam bundan bexabar holda uyidami yoki ko‘chadagi oshxonadami qo‘lini yuvmay taomlanishga o‘tirsa, haligi zararli viruslar taomga, u orqali og‘iz bo‘shlig‘iga o‘tadi. Og‘iz bo‘shlig‘i kabi nam muhit esa mikroblarning rivojlanishi hamda ko‘payishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Natijada turli og‘ir kasalliklar yuzaga kelishi mumkin.

Qo‘lni yuvmaslik oqibatida eng ko‘p tarqaladigan kasalliklar – vabo, paratif (ich terlama) va ich ketishdir.

Inson terisi yuzasida teshikchalar va chuqurchalar bor. Teri usti turli yog‘lar va terlardan tozalanmagan paytda zararli mikroblar va parazitlarning tuxumchalari teridagi mazkur teshik va chuqurchalarga joylashib oladi.

         Nabiy sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini pokiza taom yeyishimizni istab, taomlanish oldidan qo‘limizni yuvishni tavsiya qilganlar. Bu tavsiyaga amal qilsak, taomimiz turli iflosliklar va kasallik tashuvchi mikroblardan xoli bo‘ladi.

Taomdan keyin qo‘lni yuvishga nega targ‘ib etilgan?

Gap shundaki, qo‘lda qolgan taom, yog‘ va boshqa narsalar qoldiqlari tananing harorati evaziga asta parchalanib, qulay muhit ta’sirida bakteriyalar ko‘payishi vujudga keladi. Ko‘paygan bakteriyalar kutilmaganda xatarli kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.  

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan mana bu hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim qo‘lida yog‘ning hidi, yuqi bo‘lgan holda uxlasa, keyin unga biror narsa tegsa (ya’ni biror kasallik yetsa), (birovni emas,) faqat o‘zini malomat qilsin!” deganlar. Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan. Termiziy: “Hasan hadis” degan. Ibn Hibbon uni “Sahih hadis” degan.

Ko‘rinib turibdiki, bu hadisda qo‘lini yuvmay uxlagan odamga biror kasallik yetishi haqida ogohlantirilmoqda. Boshqa bir hadisi sharifda bu kasallik – vazah, ya’ni peslik ekanligi ochiq aytilgan.

Demak, taomlanishdan oldin qo‘llarni yuvish insonga, uning taomiga, uyiga baraka kirishiga sabab bo‘ladi. Bu baraka ofiyat, salomatlikdir. Sihat-salomatlik – hech tugamaydigan, bebaho ne’matlardan biridir.

Taomlanishdan keyin qo‘llarni yuvish esa faqirlikdan, peslikdan va malomatdan saqlanishning qat’iy chorasidir.

Asarda shunday rivoyat kelgan: “Taomdan oldin qo‘lni yuvish baraka omili bo‘lib, u faqirlikni daf qiladi. Taomdan keyin qo‘lni yuvish esa malomatni daf etadi”.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

 

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Payg‘ambar sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar. Allohdan qo‘rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir” (Hashr surasi, 7-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo biz bandalarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam targ‘ib etgan, tavsiya qilgan amallarni qilishga, u zot qaytargan ishlardan qaytishimizga buyurmoqda. Shuning uchun biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga amal qilib, taomlanish oldidan va taomlanib bo‘lganimizdan keyin qo‘llarimizni yuvishga odatlansak, dunyoimiz uchun, eng asosiysi, oxiratimiz uchun yaxshilik kasb qilgan bo‘lamiz. Bu ishlarimizning foydasini o‘zimiz ko‘ramiz. 

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!