Britaniya va Kanada Aleksandr Lukashenkoga nisbatan sanksiyalar joriy qildi va u yerdagi mol-mulklari muzlatildi

Britaniya va Kanada Aleksandr Lukashenkoga nisbatan sanksiyalar joriy qildi va u yerdagi mol-mulklari muzlatildi

29 sentyabr kuni Britaniya va Kanada Belorussiya prezidenti Aleksandr Lukashenko, uning o‘g‘li va boshqa bir qancha amaldorlarga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Endi sanksiya ro‘yxatidagi shaxslar bu ikki mamlakatga borish huquqidan mahrum bo‘lishdi va ularning u yerdagi mol-mulklari muzlatildi. Britaniya va Kanada Lukashenkoni saylovdagi g‘irromlik va namoyishchilarga zulm o‘tkazganlikda ayblashmoqda.

Ushbu sanksiyalar Rossiyaning yaqin ittifoqdoshi bo‘lgan Belorussiyaga G‘arb kuchlari tomonidan e’lon qilingan ilk katta qarshilik bo‘ldi. Belorussiyada 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 26 yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan Lukashenko yana g‘alaba qilgani e’lon qilindi.

Ammo, uning muxoliflari ushbu saylov adolatsiz o‘tganini da’vo qilishdi. Shundan keyin belorus xalqi Lukashenkoga qarshi katta hajmdagi namoyishlarni boshladi va bu namoyishlar haligacha tingani yo‘q. Hozirgacha belorus polisiyasi 12 mingdan ortiq namoyishchini qamoqqa olgani xabar qilingan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raabning aytishicha, Lukashenko «inson huquqlarini toptagani va saylovda firibgarlik ishlatgani» uchun javob berishi shart. Shuningdek, Raab o‘z nutqida Vladimir Putinni ham tilga olib o‘tgan, lekin, Britaniya Rossiya yoki uning fuqarolariga nisbatan hech qanday sanksiyalar e’lon qilmadi.

«Aleksandr Lukashenko va Vladimir Putin ushbu inson huquqlari buzilishi holati va saylovdagi g‘irromlik uchun hech kim javobgarlikka tortilmaydi deb o‘ylashmoqda, lekin, biz bunga yo‘l qo‘yolmaymiz» deydi Raab.

Kanada Tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan sanksiyalar haqida shunday degan:

«Bizning Belorussiya xalqini qo‘llab-quvvatlashimiz bu joyda to‘xtab qolmaydi. Bu birinchi qadamimiz xolos. Biz vaziyat rivojiga qarab o‘zimizning xalqaro sheriklarimiz bilan yana ham ko‘proq sanksiyalar joriy qilishni davom ettiramiz».

Bundan oldin Litva, Latviya va Estoniya davlatlari ham Belorussiyaga nisbatan iqtisodiy cheklovlarni e’lon qilishgandi. 29 sentyabr kuni Belorussiya bunga javoban, bu davlatlarning 300 ta amaldoriga nisbatan sanksiya joriy qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!