Antikorrupsiya agentligi “Koka-kola ichimligi” korxonasini xususiylashtirishga qarshi emasligini bildirdi

Antikorrupsiya agentligi “Koka-kola ichimligi” korxonasini xususiylashtirishga qarshi emasligini bildirdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning 25 yanvar kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Davaktiv agentligi)  “Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida” Taqdimnoma kiritilgan.

Unda tender ishtirokchilarini saralash va g‘olibni tanlash bo‘yicha belgilangan mezonlarning o‘ta yuqori va asoslantirilmaganligi sababli “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJdagi (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tender jarayonini to‘xtatish so‘ralgan edi.

Ushbu Taqdimnomaga Davaktiv agentligi tomonidan operativ ravishda rasman munosabat bildirilganligi va xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha barcha asoslar tushuntirib berilganligiga minnatdorchilik bildiramiz.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Kompaniyadagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni xalqaro amaliyot bo‘yicha olib borilmoqda. Bunga dunyoning nufuzli “Rothschild & Co” investisiya banki moliyaviy maslahatchi va “Dentons” yuridik firmasi yuridik maslahatchi sifatida jalb etilib, jarayonlar shaffof tamoyillar asosida tashkil etilmoqda. 

Shu munosabat bilan, Agentlik xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan bunday yangi amaliyotni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va xususiylashtirish jarayonining davom ettirilishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!