Albatta, o‘qing! Ateistni Islom diniga kiritgan savol-javob

Albatta, o‘qing! Ateistni Islom diniga kiritgan savol-javob

Doktor Muzaffar Qosim hikoya qiladi:

2007 yil Londondagi arab restoranlaridan birida kechki taomni tanovul qilish uchun kun botar vaqti jamlandik. Shom vaqti kirib qolgani tufayli suhbatdoshlardan bir necha daqiqaga ruxsat olib namoz, o‘qib keldim.

Ibodatimni bajo etib qaytar ekanman, mehmonlardan biri "Qayerda edingiz, juda kech qolib ketdingiz-ku?" deb qoldi.

– Uzr, namoz o‘qiyotgandim.

Tabassum qilgan holida dedi: “haligacha namoz o‘qib yuribsizmi-a? Ey O‘rtoq, siz eskichiligingizni qo‘ymadingiz-da”.

Men ham tabassum ila: “Eskichi? Nima uchun? Alloh faqat arab davlatlarida mavjud-u, Londonda Xudo yo‘qmi?” dedim.

– Doktor, sizga bir qator savollarim bor, faqat iltimos, toqatli bo‘ling, sizni kengbag‘ir insonlardan deb o‘ylaymiz.

– Albatta, men bunday suhbatdan juda-juda xursand bo‘laman, faqat mening ham bitta shartim bor.

– Marhamat.

– Savollaringiz tugaganidan keyin siz g‘alaba qozonganingiz yoki mag‘lub bo‘lganingizni ochiq e’tirof etishingiz kerak! Kelishdikmi?

– Kelishdik. Bu va’da!

– Unday bo‘lsa bahsni boshladik, marhamat.

– Siz qachonlardan beri namoz o‘qiysiz?

– Yetti yoshimdan boshlab o‘rganganman. 9 yoshligimda mukammal darajada o‘zlashtirib olganman. Hech qachon tark qilmaganman va inshaalloh hech qachon tark etmayman ham.

– Yaxshi. Faqat o‘lganingizdan keyin (narigi dunyoda) jannat ham do‘zax ham, jazo ham savob ham yo‘qligini anglab yetsangiz nima qilasiz?

– Mayli, men sizga toqatli bo‘laman, sizning nazariyangiz bo‘yicha bahsni davom ettiraman. Faraz qilaylik, jannat ham do‘zax ham, azob ham savob ham yo‘q ekan, nima qilaman? Hech narsa qilmayman. Chunki men Ali ibn Abi Tolib aytganlaridek: "Ey Ilohim, men Senga ibodatga haqli Zot bo‘lganing uchun ibodat qilib yashayman!". Ya’ni, do‘zax yo‘q, jannat yo‘q, deyilgan taqdirda ham baribir Allohga ibodat qilib yashayman.

– O‘nlab yillar davomida o‘qib yurgan namozlaringiz nima bo‘ladi? Namoz o‘qimagan odam bilan o‘qigan odamning orasida hech qanday farq yo‘q, demak. Saqar (do‘zax) yo‘q demak.

– Hech qachon afsus chekmayman. Chunki bu namoz har kuni mening bor-yo‘g‘i bir necha daqiqalik vaqtimni oladi xolos. Bu namozlarim hech bo‘lmaganda men uchun badaniy tarbiya – jismoniy mashq bo‘ladi.

– Xo‘p, mayli, tutgan ro‘zalaringizchi? Xususan, mana hozir Londondasiz. Bu yerdagi ro‘za 18 soatdan ham ko‘proqqa cho‘ziladi.

Ro‘zam ham hech bo‘lmaganda ruhiy tarbiya bo‘ladi. Chunki ro‘zaning sog‘liqqa ham foydalari ko‘p va u insonning ruhini, vijdonini ham chiniqtiradigan oliy darajadagi tarbiya vositalaridan biri. Ro‘za mening shu dunyo hayotim uchun ko‘pdan-ko‘p foydalar keltirdi. Mana siz o‘zingiz musulmonlarning emas, balki xalqaro maydonda e’tirof etilgan tibbiyot olamining bayonotlari bilan kengroq tanishib chiqishingiz mumkin, ma’lum muddat hech qanday taom yemay turishning insonning a’zoi jismiga juda katta manfaati borligi ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan.

– Aroq ichib ko‘rganmisiz?

– Yo‘q, aslo.

– Siz o‘zingizni o‘zingiz mana bu hayotda aroq lazzatidan, kayfu safolardan mahrum etib o‘tishingiz haqida nima deysiz, mening nazariyam bo‘yicha – do‘zax ham jannat ham yo‘qligi rost ekanligini aniq bilganingizdan so‘ng?

– Foydasidan ko‘ra zararlari ko‘p bo‘lgan bu aroqdan men o‘zimni himoya qilgan, asragan bo‘laman. Aroq tufayli qancha-qancha odamlar og‘ir kasalliklarga giriftor bo‘lib yotibdi, qancha-qancha odamlar aroqni deb o‘z uyini, oila, bola-chaqasini vayron qilgan. Yuqorida aytilganidek, xalqaro maydondagi g‘ayriislomiy ilmiy markazlar tomonidan e’lon qilingan tadqiqotlarga boqing, ular aroqning zararli asoratlari, aroqxo‘rlikning vahimali oqibatlari haqida barchani qattiq ogohlantirib kelishmoqda.

– Xo‘p, mayli, endi haj va umraga borishlaringizga to‘xtalsak, siz o‘lganingizdan keyin qarasangiz na jannat bor, na do‘zax bor, hatto Alloh degani o‘zi yo‘q narsa ekanligini aniq bilgan paytingiz, haj va umra deb hayotingizdan bir qismini qancha-qancha mashaqqatlar bilan behuda o‘tkazib yuborganingizga achinmaysizmi? Rosa alam qilsa kerak?

– Sizning barcha savollaringizga toqatli bo‘laman degan va’damga binoan javob berishda davom etaman. Haj va umrani ham o‘ziga xos bir go‘zal sayohat deb hisoblayman. Bunday sayohat asnosida ruhimni poklab, ichimni ma’naviy tozalik ila yaxshilab yuvib – oppoq qilib olgandek bo‘laman. Siz ham masalan ishlaringiz ko‘payib ketib, qattiq charchagan paytlaringiz, charchoqlaringizni chiqarish maqsadida, kundalik tartibga bog‘lanib qolishdan ham biroz muddat ozod bo‘lish uchun uzoqroq mintaqalarga safarga chiqib turasiz-ku, o‘shanday joylarga ma’lum bir darajadagi xavfu xatar va mashaqqatlarga rozi bo‘lib borib dam olib, yayrab kelasiz. Haj va umra safarlari ham shunga o‘xshash bir sayohatdek gap. Men mana shu tarzda yayrab kelishni yaxshi ko‘raman.

Ateist mehmonimiz o‘zining barcha savollarini so‘rab tugatganidan, mening ushbu javoblarimni eshitib chiqqanidan keyin yuzimga tikilib qarab, biroz jim bo‘lib qoldi. Keyin aytdiki:

– Rahmat sizga, savollarimga haqiqatan ham bag‘rikenglik ila o‘z qarashlaringizni bayon etib javob berdingiz. Mening savollarim tugadi. Savollarimga javob bera olganingiz uchun men o‘zimni mag‘lub bo‘lganimni e’tirof etaman.

– Siz mag‘lub bo‘lganingizni e’tirof etar ekansiz, mening ichimdan qanday his-tuyg‘ular o‘tyapti deb o‘ylaysiz?

– Albatta siz hozir ich-ichingizdan juda shod bo‘lib o‘tiribsiz.

– Yo‘q, aslo, butunlay teskari holat. Men juda xafaman.

– Xafasiz? Nima uchun?

– Endi savol berish navbati menda, sizdan so‘raydigan savolimni so‘rashim kerak.

– Marhamat, so‘rang.

– Mening sizdan so‘raydigan bir qator savollarim yo‘q, faqat bittagina savolim bor xolos, juda ham oddiy savol.

– Nima ekan u?

– Sizning nazariyangiz to‘g‘ri bo‘lib chiqqudek bo‘lsa men hech narsa yo‘qotmagan bo‘lishimni aytib berdim. Endi sizning nazariyangizning teskarisini tasavvur qilib ko‘rishimiz kerak. Siz o‘lganingizdan keyin Alloh taolo haqiqatan ham mavjud Zot, Alloh Qur’onda vasf etgan Qiyomatdagi barcha holatlar haqiqatan ham bor narsa ekanligini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgan paytingiz sizning ahvolingiz qanday bo‘ladi? O‘sha payt siz nima qilasiz?

Ateist mehmonimiz savolimni eshitar ekan, ko‘zlarimga qarab qotib turar edi. Lablari umuman qimirlamadi. Uzoq vaqt tikilganicha qarab qoldi.

Keyin men yana so‘zimda davom etib: “bu savolning javobini hozir aytishingizni talab qilmayman, hozir boshqa mavzularda suhbatlashib, bemalol ovqatlanib o‘tiraveraylik. Javobingizni keyinchalik, qachon bo‘lsa ham tayyor qilib bo‘lsangiz aytarsiz, lekin albatta javobingizni kutib qolaman”.

Ovqatlanib bo‘lib, hammamiz o‘z yo‘limizga ravona bo‘ldik. Oradan bir oy o‘tdi.

Bir oydan so‘ng telefonimga qo‘ng‘iroq keldi, qarasam o‘sha birodar. Gaplashdik. Bir oy oldingi restoranda yana bir bor o‘chrashishga kelishdik.

Uchrashuvga borishim bilan birodarimiz meni qattiq quchoqlab oldi, ko‘zlaridan to‘xtamasdan yoshlar oqardi, yig‘lagan holida ancha vaqtgacha meni qo‘yib yubormadi.

– Nima gap birodar?

– Tashakkurlarimni izhor etish, va’da berganimdek javobimni aytib qo‘yish uchun sizni chaqirdim. Namozni tashlab yuborganimga 20 yil bo‘lgan edi. Alhamdulillah qaytadan namoz o‘qishni boshladim. O‘tgan safargi suhbatimizdagi savolingiz bir oydan buyon miyamga qattiq o‘rnashib olib, xotirjam uxlashga ham qo‘ymadi. Oxiri ich-ichimdan vulqon kabi ta’sirli tuyg‘ular otilib chiqa boshladi. Va nihoyat butunlay boshqa bir insonga aylandim, a’zoi badanimda yangi bir ruh paydo bo‘lgandek, ajoyib bir rohat-farog‘atda yashay boshladim. Xullas, birodarim, sizga chin qalbimdan rahmat aytaman. Qalb ko‘zim ochilishiga sababchi bo‘ldingiz.

Vassalomu alaykum...

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!