“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar deputatlar ham faol ishtirok etmoqda

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar deputatlar ham faol ishtirok etmoqda

Mamlakatimizdagi yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, ushbu sohada mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etilgan. Mazkur loyiha doirasida besh yil davomida respublikamizda jami 1 mlrd. daraxt va butalar ko’chatlarini ekish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi a’zolari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli “Vazirlik bog’”laridan birida bo’lishdi.

Ushbu loyiha doirasida “Vazirlik bog’i”ni barpo etish uchun ajratilgan Toshkent viloyati, Bo’stonliq tumani, “Soylik” qishlog’i, Qoraqiya uchastkasi hududidagi 67,5 gektar maydoniga o’tgan yili bahor va kuz mavsumlarida 23 ming tup ko’chat ekilgan bo’lsa, joriy yil bahor mavsumida 12 mingga yaqin tup ko’chat ekish ishlari amalga oshirildi.

Deputatlarning “Vazirlik bog’i”ga tashrifi davomida ekilgan daraxtlarni sug’orish va parvarishlash ishlarining tashkil etilganligi holati monitoring qilindi.

Shu bilan birga, tashrif doirasida deputatlar daraxt ko’chatlarini ekishda ham faol ishtirok etdilar. Ularni sug’orish va parvarishlash uchun mas’ullar belgilandi.

Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ta’sirchan parlament nazorati tadbirlarini o’tkazish, shu jumladan davlat organlari rahbarlarining mazkur faoliyat yuzasidan axborotini eshitish rejalashtirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!