Yangi tizim: Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tkazishda qanday o‘zgarishlar bor?

Yangi tizim: Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tkazishda qanday o‘zgarishlar bor?

Yurtimizda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish borasida mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim yaratilgani haqida avval ham bir necha bor ma’lumot bergan edik. (1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8).

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash jarayonlarini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi.

Ushbu hujjat bilan qanday vazifalarni amalga oshirish belgilangani haqida Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar Sharipov batafsil gapirib berdi:

— Buyruqqa asosan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishning har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish tartibi takomillashtirib borilishi belgilandi. Imtihon savollari bazasi sohadagi o‘zgarishlarga ko‘ra, har yili 1 sentyabrga qadar muntazam ravishda yangilab boriladi.

Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, oliy tibbiy ta’lim muassasalari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga quyidagi vazifalar yuklatildi:

tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va farmasevtlarni amaldagi malaka toifasining muddati tugashidan olti oy oldin navbatdagi majburiy attestasiyadan o‘tishi lozimligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilish;

tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tkazish tartibi bilan tanishtirilishi hamda attestasiyadan o‘tish uchun hujjat topshirish boshlangunga qadar ularning malaka oshirishini tashkil etish;

tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tishi uchun hujjatlarini tayyorlashi va o‘z vaqtida topshirishiga zaruriy shart-sharoitlar yaratib berish;

tibbiyot va farmasevtika xodimlarini o‘z vaqtida attestasiyadan o‘tishini ta’minlash maqsadida malaka toifasiga ega bo‘lgan va bo‘lmagan mutaxassislarning doimiy monitoringini yuritish;

malaka toifasiga ega bo‘lgan va bo‘lmagan tibbiyot hamda farmasevtika xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yillik tahliliy jadvalini o‘rnatilgan tartibda keyingi yilning 1 fevraliga qadar Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga topshirilishini ta’minlash.

Yangi tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, endilikda tibbiyot va farmasevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestasiyadan o‘tish uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga kelishiga barham berildi. Hujjat topshirish va imtihondan o‘tish jarayonida inson omili aralashuvini minimallashtirish orqali korrupsiya xavfi va elementlari bartaraf etildi.

Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimning barcha bo‘g‘inidagi muassasa rahbarlari bu haqda doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishi lozimligi hamda barcha turdagi firibgarlik holatlarini oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi belgilandi.

Markaz huzuridagi malaka toifasini berish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan attestasiya komissiyalari raislari va a’zolari attestasiyalarning o‘z vaqtida hamda belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tkazilishida shaxsan javobgar etib belgilandi.

Bu sa’y-harakatlarning barchasi yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!