Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitusiyasida ilk bor "Fuqarolik jamiyati institutlari" nomli bob kiritildi

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitusiyasida ilk bor "Fuqarolik jamiyati institutlari" nomli bob kiritildi

Saudiya Arabistonining ommabop "An Nahar News" gazetasi saytida "O‘zbekiston: fuqarolik jamiyati institutlari – jamiyat va davlat o‘rtasidagi ko‘prikdir" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Bugungi kunda mamlakatni taraqqiy ettirish va "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari xususan nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etmoqda, – deyiladi maqola muqaddimasida. – Fuqarolik jamiyatining eng muhim instituti nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini demokratik mezonlar asosida yo‘lga qo‘ymasdan yangi O‘zbekistonni barpo etib bo‘lmaydi".

Shundan kelib chiqib, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Xususan, O‘zbekistonning "Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi, "Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida"gi, "Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida" Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida" farmoni va hukumatning qator qarorlari qabul qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2021–2025 yillarda O‘zbekiston fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini 2025 yilda 1,8 baravarga oshirish va ajratiladigan mablag‘ miqdorini 70 milliard so‘mga yetkazish vazifasi belgilangan.

"2022–2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, "O‘zbekiston-2030" strategiyasi kabi konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarda ham fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga oid qator maqsad, vazifa va ko‘rsatkichlar belgilangan. 2023 yili referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitusiyasida esa ilk bor "Fuqarolik jamiyati institutlari" nomli bob va ushbu tushuncha konstitusiyaga kiritildi", – deb yozilgan maqolada.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!