“Samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorman” — Durov O‘zbekistonga tashrifi haqida

“Samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorman” — Durov O‘zbekistonga tashrifi haqida

Telegram tarmog‘i asoschisi Pavel Durov O‘zbekistonga tashrifi haqidagi taassurotlarini muxlislari bilan bo‘lishdi. Durovning fikrlari va safar davomida olgan suratlari Du Rove’s Channel Telegram kanaliga joylangan. Bu haqda Daryo nashri xabar berdi.

Pavel Durov O‘zbekiston aholisining qariyb uchdan ikki qismi Telegram’dan foydalanishini ma’lum qilgan. Ayni paytda bu tarmoq butun boshli iqtisodiyot tizimlarining bir qismiga aylanib ulgurganini aytib, mamnuniyat bildirgan.“O‘zbekiston Telegram’ni nihoyatda yaxshi ko‘radi: mamlakatning 37 million aholisining 70 foizdan ortig‘i Telegram’ga a’zo, ularning butun iqtisodiyoti bizning platformamizda boshqariladi (mamlakatdagi har bir biznes tarmog‘ida Telegram boti yoki kanali mavjud). Biz bu mashhurlikdan faxrlanamiz va O‘zbekistonga sevgimizni izhor qilamiz”, — degan Telegram asoschisi.

“O‘zbekistonga safarim chog‘ida tez rivojlanayotgan Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, Sharqiy O‘zbekistonning tog‘li landshaftlari, Buxoro va Samarqandning boy tarixi meni hayratda qoldirdi,” — deya o‘z hayratini izhor qilgan Durov.

Ijtimoiy tarmoq magnati o‘z xotiralarida O‘zbekistonning samimiy insonlari bilan ko‘rishganini, iliq kutib olinganini keltirgan. O‘zbekiston poytaxtiga yil yakuniga qadar yana bir bor kelishi mumkinligiga ishora qilgan.

“Men juda ko‘p yosh va iqtidorli, qalbi qaynoq insonlarni uchratdim. Men samimiy qabul qilganlaridan mamnunman va yil oxirida quyoshli Toshkentga kelib ko‘proq vaqt o‘tkazishga umid qilaman”, — deb fikrlarini yakunlagan Durov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!