Xalqaro kosmik stansiyaning ishlash muddati 2028 yilgacha uzaytirildi

A A A
Xalqaro kosmik stansiyaning ishlash muddati 2028 yilgacha uzaytirildi

 

Xalqaro kosmik stansiya (XKS) faoliyatini 2028 yilga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda «Energiya» Raketa-kosmik korporasiyasi (RSC) kosmik kemalar va tashuvchi vositalar parvoz markazi boshlig‘ining o‘rinbosari Yuriy Gidzenko ma’lum qildi, deb yozmoqda «Kommersant’».

«Ayni paytda biz shu haqda o‘ylayapmiz va stansiya 2028 yilga qadar orbitada bo‘lishi uchun allaqachon yuqori darajalarda qaror qabul qilingan» — dedi Gidzenko «Rossiya 24» telekanali efirida. «Shu bilan birga, XKSdagi yamalgan yoriqlar 2028 yilga qadar stansiyaning faoliyat muddatini qisqartirishga hech qanaqasiga ta’sir qilmaydi», — deb qo‘shimcha qildi u.

Fevral oyi oxirida Parvozni boshqarish markazi XKSning Rossiya korpusida havo sizib chiqadigan oltita yoriq bor bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan. 2020 yil oktyabr oyida XKS ekipaji Rossiyaning «Zvezda» korpusi oraliq kamerasida 4,4-4,5 sm uzunlikdagi yoriqni aniqlagan.

«RBK« nashrining xabar berishicha, Xalqaro kosmik stansiya (XKS) ekipaji stansiyadagi birinchi yoriqni germetik plomba bilan yopgan. Bu haqda NASA tomonidan efirga uzatilgan Parvozni boshqarish markazining ekipaj bilan muloqotiga asoslanib, «Interfaks» xabar berdi.

«Yashavor, yaxshi ishlading. Qolgan plomba moddasini olib, sumkaga solib qo‘yish uchun qo‘lqop kiyib ol», —  degan markaz kosmonavti Sergey Rijikov.

Avvalroq ekipaj yoriq chekkasidan ikkita teshik ochib, ushbu qismdagi bosimni yengillashtirgan va yoriqni berkitish uchun tayyor holga keltirgan. Shundan so‘ng kosmonavtlar yoriqni spirtli mato bilan tozalab, uning ustini germetik aralashma bilan qoplagan. Markazda aytilganidek, aralashma bir yarim soat davomida qotadi, shundan so‘ng yoriq kapton lentasi bilan qoplanib yamaladi.

Shuningdek, «RIA Novosti» Rijikov «Zvezda» korpusidagi yoriq atrofidagi ikkita teshikni Shimoliy Afrikadagi qarag‘ay ignalaridan yasalgan yelim bilan yopgani haqida xabar qilmoqda. Kosmonavt teshiklarga yelim surgandan so‘ng, ularni floroplastik plyonka bilan yopgan. Keyin plyonkalar olib tashlanadi, o‘rni silliqlanadi va yoriqqa ikkinchi germetik qatlam qo‘yiladi. Keyinchalik yoriqqa uchinchi plomba qatlami o‘rnatilib, oxirgi yamoq qo‘yiladi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!