Vasvasa shaytondandir

Vasvasa shaytondandir

Vasvasa nima? Asli, asosi bo‘lmagan, ha­qiqatga aloqasi yo‘q, odamni yomon, be’­mani xayollarga, ishlarga boshlaydigan vahima, shubha, ikkilanish va ehtimol­lar. U bizni o‘z izmiga solib, dinda joiz bo‘lmagan ishlarga undaydi.

Avvalo, bizda ro‘y berayotgan holatning vasvasaligini, shayton yo‘ldan adashtirish uchun urinayotganini anglash lozim. Chunki iblis ojizligimizdan foydalanib, bizni tushkunlikka tushirish, qo‘rqitish, aqidaviy masalalarda shubhalantirish­ni xohlaydi. Odamzotni ja­hannamga yetaklaydi.

Binobarin, Alloh taoloning “Odamga sajda qil”, degan amrini bajarmagani uchun huzuri ilohiydan quvilgan shaytoni lain ham Allohni, ham insonni aybladi va dedi: “…Ey Rabbim! Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta, ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman! Illo, ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir)” (Hijr surasi,39–40-oyatlar).

Bu dushmanlikning ilk “samarasi” hazrat Odam va hazrat Havvoga taqiq­langan mevani yedirgani­da ko‘rindi. Odam alayhis­salom va zav­jasi xatolarini tezda tu­shunib tavba qilishdi. Shun­dan so‘ng iblis o‘ch olish payiga tushdi. Hazrat Odam va hazrat Havvo esa o‘z vaqtida ayblarini tan olib, Allohning rahmat va mag‘firatidan umid qi­lishdi.

Bugun ham o‘sha-o‘sha: na inson o‘zgargan va na shayton… Iblis hanuz to‘rt yoni­­mizdan kelib, qal­­­bimizga goh o‘tmish, goh kelajak bilan xavotir sola­di. Ba’­zan savobimiz­ni ulkan ko‘r­satish bilan chalg‘itsa, ba’zan gunohla­rimiz kechirilmasligi ha­­qidagi vahimalar bilan isyonga undaydi.

Rasululloh alayhissa­lom aytganlaridek, qon to­mirlarimizda yuradigan shayton zaif tomonlari­mizni juda yaxshi biladi. Shunday ekan, hushyor bo‘l­masak, bizni istagan kuyiga solishi mumkin.

Bir kuni ishxonaga o‘zim tengi ayol qo‘ng‘iroq qi­lib: “Shu darajada yomon ahvol­damanki, hatto Alloh­ning sifatlari borasida nojoiz o‘ylar miyamga kelyapti. Agar ularni boricha aytsam, sizniyam ongingizga o‘rnashib qolishidan qo‘rqaman”, deb yig‘lab yubordi. O‘sha kunlari o‘zim ham qattiq vahimada qolgan, bir kun oldin Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning Misrdagi tahsil davomida vasvasaga tushganlari va bundan qanday qutulganlari haqidagi xotiralarini o‘qib, tinchlanib turgandim. Shularni va o‘zimda bo‘lgan holatlarni yashirmay aytib berdim. “Sizda ham shunday-shunday bo‘ladimi? Mana bunday fikrlar xayolingizga keladimi?” dedim. Ayol oldin hayratlandi, aytganlarimni tasdiqladi, keyin: “Demak, bu holga tushgan faqat men emas, bunaqa o‘ylarni miyaga olib keladigan iblis ekan-da!” dedi.

Vasvasaga uchib, gunohga botishdan qutulishning dastlabki chorasi – uning shaytondan ekanini bilish va darhol Allohning panohiga sig‘inishdir: “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym…”

Manba: hidoyat. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!