O‘zbekiston va Kuvayt turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Kuvayt turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiradi

Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari hamda Kuvayt Sayyohlik va turizm agentliklari assosiasiyasi bosh menejeri Majdi Umar o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida tomonlar turizm yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, yangi tur paketlarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qildilar.

Kuvayt vakiliga O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi yo‘nalishlarni tashkil qilish, zamonaviy mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish, ichki transportni takomillashtirish bo‘yicha hayotga tadbiq etilayotgan dasturlar haqida batafsil so‘zlab berildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda kuvaytliklar uchun 10 kunlik vizasiz tartib joriy etilganligi va "Jazeera" aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari mavjudligi ta’kidlandi.

Majdi Umar O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zgarishlarni yuqori baholadi. U, shuningdek, sayyoh sifatida Toshkent va Samarqand shaharlariga borish niyatini bildirdi.

Onlayn muzokaralar yakunida kuvaytlik bloger va media sohasi vakillarining O‘zbekistonga press-turini tashkil etish, ikki davlat sayyohlik agentliklari va kompaniyalari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish, Turizm qo‘mitasi va Kuvayt Sayyohlik va turizm agentliklari assosiasiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi loyihasini tayyorlash va boshqalar xususida ahdlashib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!