O‘zbekiston – BMT: inson huquqlari sohasida dadil qadam

O‘zbekiston – BMT: inson huquqlari sohasida dadil qadam

So‘nggi besh yil... Shu davr ichida Yangi O‘zbekistonda inson, uning huquq va erkinliklariga bo‘lgan qarash tubdan o‘zgardi. Xususan, mamlakatimiz tarixda birinchi marta BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri — Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi etib saylandi.

Hozirgi kunda mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin sheriklik kengaymoqda, huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqot yo‘lga qo‘yildi.

2020 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinib, mazkur hujjatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berildi. Umuman, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, orqaga qaytarib bo‘lmaydigan mohiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida ishtirok etishi va unda nutq so‘zlashi sessiyaning ahamiyatini yanada oshirdi, desak mubolag‘a emas. Chunki yurtboshimiz “O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umume’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qiladi va faol ilgari suradi”, deya alohida ta’kidladi.

Shuningdek, inson huquqlari sohasida eng dolzarb bo‘lgan muhim masalalarga to‘xtalib, qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Inson huquqlari sohasida ta’lim deklarasiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birga global forum o‘tkazish, Inson huquqlari bo‘yicha kengash tomonidan Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish taklifi o‘rtaga tashlandi.

Yana bir muhim jihat, yaqin-yaqingacha majburiy mehnat, bolalar mehnati masalasida ko‘p jihatdan jiddiy tanqid eshitishimizga to‘g‘ri keldi. Lekin oxirgi 4-5 yil ichida yurtimizda bolalar va majburiy mehnatga batamom chek qo‘yildi. Masalan, birgina 2020 yilning o‘zida mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishidagi vazifalarni tartibga solish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Anjumanda davlatimiz rahbari ushbu masalaga to‘xtalib, “Biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo‘ldi”, deb qayd etdi. Bu esa bolalar, ularning huquqlari va rivojlanishi O‘zbekiston uchun hamisha ustuvor bo‘lib qolaverishidan dalolatdir.

Ushbu tarixiy nutqda aytilgan yana bir muhim tashabbus haqida alohida to‘xtalish joiz. Bu Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilish masalasidir. Ushbu taklif bejiz o‘rtaga tashlangani yo‘q. Sababi mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlarning huquqlarini himoya qilish nafaqat ushbu mamlakat darajasida, balki global miqyosda ham muhim vazifadir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamkorligi keng qamrovli. Zotan, mamlakatimiz rahbarining mintaqada insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, qiynoqlarning oldini olish borasidagi tashabbuslari hayotda o‘z ifodasini topayotir.

 

Botirbek TO‘RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!