Ulkan xarsangtoshning nur sochishi

A A A
Ulkan xarsangtoshning nur sochishi

Imom Nasoiy rivoyat qiladi:

«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalariga xandaq kovlashni buyurganlarida, (bir oz kovlashganida) ularning qarshisidan kovlashga to‘sqinlik qilib katta xarsangtosh chiqib qoldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘rinlaridan turib ridolarini xandaq chetiga qo‘ydilar va cho‘kichni olib toshga: “Rabbingiz so‘zi rostlik va adolat jihatidan kamolga yetdi. Uning so‘zlarini o‘zgartiruvchi (kuch) yo‘q. U Same’ (eshituvchi) va Alim (dono)dir” (An’om, 115) oyatini o‘qib zarb bilan urdilar. Toshning uchdan biri yorildi. Salmon Forsiy tik holda qarab turardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning zarbalari sababidan toshdan yorug‘ nur chiqdi.

So‘ng yana: “Rabbingiz so‘zi rostlik va adolat jihatidan kamolga yetdi. Uning so‘zlarini o‘zgartiruvchi (kuch) yo‘q. U Same’ (eshituvchi) va Alim (dono)dir” (An’om surasi, 115-oyat) oyatini o‘qib ikkinchi zarbani urdilar. Toshning uchdan biri yorilib, yorug‘ nur chiqdi. Uni Salmon ko‘rib turar edi.

So‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uchin­chi marta: “Rabbingiz so‘zi rostlik va adolat jiha­ti­dan kamolga yetdi. Uning so‘zlarini o‘zgartiruvchi (kuch) yo‘q. U Same’ (eshituvchi) va Alim (dono)dir” (An’om surasi, 115-oyat) oyatini o‘qib uchinchi zarbani urdilar. Toshning qolgan qismi ham yorilib, xandaq kovlashga yo‘l ochildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) chuqurdan chiqib ridolarini oldilar va o‘tirdilar.

Salmon dedi: “Yo Rasululloh! Sizning zarba urganingizni men ko‘rib turgan edim. Har urganingizda undan yaltirab bir nur chiqdi”. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Salmon, sen ham buni ko‘rdingmi?” dedilar.

– Sizni haq bilan jo‘natgan Zotga qasam, ko‘rdim, ey Rasululloh!

– Men birinchi zarbani urgan vaqtimda menga Kisroning shaharlari (ayvonlari, mulklari) va uning atrofidagi joylar hamda ko‘p shaharlar ko‘rsatildi[1], hatto ularni men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim”.

Shu joyda hozir bo‘lib turgan sahobalardan biri:

– Bizlar u joylarni fath qilib, ekinzorlarini olishimizni va diyorlarini o‘z qo‘limiz bilan vayron etishimizni (Allohdan so‘rab) duo qiling! – dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duo qildilar, so‘ng:

– Ikkinchi zarbni urgan vaqtimda menga Qaysarning shaharlari va uning atrofidagi joylar ko‘rsatildi, hatto ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, – dedilar. Sahobalar:

– Bizlar u joylarni fath qilib, ekinzorlarini olishimizni va diyorlarini o‘z qo‘limiz bilan vayron etishimizni (Allohdan so‘rab) duo qiling! – dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duo qildilar, keyin:

– Uchinchi marta urganimda habash shaharlari va uning atrofidagi joylar hamda ko‘p shaharlar menga ko‘rsatildi, hatto ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, – dedilar. Sahobalar:

– Bizlar u joylarni fath qilib, ekinzorlarini olishimizni va diyorlarini o‘z qo‘limiz bilan vayron etishimizni (Allohdan so‘rab) duo qiling! – dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duo qildilar, so‘ng:

– Habashlar sizlarni o‘z holingizga qo‘ysalar, ularni o‘z holiga qo‘yinglar. Turklar sizlarni tark qilsalar, sizlar ham ularni tark qilinglar»[2].

Bu hadisda bir necha mo‘’jizalarning bayoni keltirilgan:

Sahobalar ko‘z oldida toshning yorilishi;

Birinchi zarbda toshning yaltirashi;

Ikkinchi zarbda toshdan olov chiqishi;

Uchinchi zarbda toshning nur sochishi.

[1] Ya’ni, bizning tasarrufimizga o‘tdi (tarj.).

[2] Ya’ni, Islomni qabul qilganlaridan keyin ularni o‘z holiga qo‘yinglar (tarj.). Hasan hadis. Imom Nasoiy rivoyati.

Manba: hidoyat. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!