Tehronda namoyishlar: Oyatulloh Xominaiydan iste’fo talab qilinmoqda

Tehronda namoyishlar: Oyatulloh Xominaiydan iste’fo talab qilinmoqda

11 yanvar kuni Tehrondagi Amir Kabir nomidagi universitet yaqinida yuzlab kishilar norozilik namoyishiga chiqishdi va mamlakat oliy diniy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning ketishini ham talab qilishdi.

«Bosh qo‘mondon, yo‘qol!» deya hayqirishgan Ukraina yo‘lovchi samolyoti eronlik harbiylar xatosi bilan urib tushirilganidan g‘azablangan namoyishchilar.

Shanba kuni Eron hukumati «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning «Boing» rusumli yo‘lovchi samolyoti Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiylarining xatolik bilan berilgan zarbasi tufayli urib tushirilganini tan oldi.

Aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan 176 kishining 83 nafari Eron fuqarolari edi, shuningdek, halok bo‘lgan 60 nafardan ortiq Kanada fuqarolari ham kelib chiqishiga ko‘ra eronlik edi.

Asosan, talabalar va marhumlarning yaqinlari bo‘lgan namoyishchilar marhumlar xotirasi uchun shamlar yoqqan, hukumatga qarshi shiorlar aytishgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolardan birida olomon shunday hayqiradi: «Iste’fo yetarli emas, sud kerak!»

Mamlakatdagi eng nufuzli universitet binosi oldida to‘qnashuvlar yuz bergan, polisiya yorug‘lik-shovqinli granatalardan foydalangan.

Hukumatning IRNA agentligi xabariga ko‘ra, oyatulloh Xominaiy samolyot halokatiga sabab bo‘lgan beparvolik bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga ko‘rsatma bergan.

U xatoga yo‘l qo‘yilgani isbotini topganini ma’lum qilgan va bunday holat boshqa qaytarilmasligi uchun choralar ko‘rishga chaqirgan.

Eron parlamenti yakshanba kuni aviahalokat tafsilotlari ochiq majlisda ko‘rib chiqilishini e’lon qildi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Eron hukumati hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini aytdi va aybdorlar jazolanishiga va’da berdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp “Tvitter”dagi sahifasida fors tilida namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi.

Eronda odamlar Tehron markazida yig‘ilib, marhumlarni xotirlashdi va «Diktatorga o‘lim!» deya hayqirishdi.

Ular armiya bosh qo‘mondoni hisoblanadigan oyatulloh Xominaiy iste’foga chiqishini talab qilishmoqda.

Ko‘pchilikning fikricha, agar boshqa davlatlar hukumatlari tomonidan bosim bo‘lmaganida, Eron hukumati xatoni hech qachon tan olmagan bo‘lardi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!