Sirdaryoda "shayton yo‘ldan urgan" soliqchi fosh etildi

Sirdaryoda "shayton yo‘ldan urgan" soliqchi fosh etildi

"Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi", degan maqol bejiz aytilmagan. Buning rostligini hayotning o‘zi qayta-qayta isbotlagan. Lekin qing‘irlikni "xamirdan qil sug‘urgandek" bajardim deb o‘ylaydigan kimsalar ham, afsuski, hamon uchrab turibdi. Ular bilmaydiki, vaqti kelib barchasi oshkor bo‘ladi.

Ahmadjon Yo‘ldoshev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida soliq sohasi bilimdoni sifatida ancha-muncha obro‘-e’tibor qozondi. Mehnatkashligi, intiluvchanligi bilan Sardoba tuman davlat soliq idorasida soliq qarzi undiruvini tashkil etish bo‘limiga boshliq etib tayinlangach, u yerda ham ishlar jonlandi.

Ammo, nima bo‘ldi-yu, Ahmadjonning ta’biri bilan aytganda, uni “shayton yo‘ldan urdi”. Egallab turgan mansabidan foydalanib, “ikki-uch so‘m ishlab” olgisi kelib qoldi. Oqibatda qing‘ir ishga qo‘l urdi. Axir “qo‘shimcha daromad” kimning cho‘ntagini teshib chiqibdi? To‘g‘rida, pul topishni bilib, o‘z haq-huquqini, qonunni bilmaydiganlar “yordam“ so‘rab tursa, "hojatini chiqarish"ning nimasi yomon?

...Guruch ombori mudiriga savdogarlar qoplarda mahsulot yorliqda ko‘rsatilgan me’yordan kam chiqayotgani to‘g‘risida shikoyat qilibdi. Shikoyat vajidan mudir tunda omborga kirsa, qorovul o‘zi yasab olgan maxsus qo‘lbola “uskuna” bilan har bir qopdan bir kilodan guruch o‘marayotgan emish. O‘g‘rilik qilayotganda qo‘lga tushgan qorovul, “Shayton yo‘ldan urdi, meni kechiring xo‘jayin!”, deya yolvoribdi. Bir chetda kuzatib turgan shayton ko‘zga ko‘rinib, “Qopning og‘zini ochmay, yirtmay, guruch o‘marishni men sendan o‘rgandim-ku, nomard” deganmish oxiri chidolmay.

Ahmadjon Yo‘ldoshev lavozimidan foydalanib, tumandagi “Suvli soy jilg‘asi” fermer xo‘jaligining soliq va majburiy to‘lovlardan bo‘lgan 4 million 150 ming so‘m qarzdorligini aniqlab, bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishni rejalashtiradi. Xo‘jalik rahbari Hayitqul Dadaboyevni huzuriga chaqirib, soliq va majburiy to‘lovlardan ancha-muncha qarzi borligini, ish sudga oshib, majburiy ijro orqali nomidagi bor mol-mulk, moddiy qimmatliklar musodara bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Bunday noxush xabarni eshitgan har qanday tadbirkor tashvishga tushishi shubhasiz. Bu gaplardan boshi qotgan Hayitqulning joniga Ahmadjon oro kiradi. Fermerga o‘limdan boshqa hamma narsaning iloji borligini, arzimagan 3 million so‘m evaziga xo‘jalikni bankrot deb e’lon qildirishini, shu orqali soliq va boshqa barcha qarzdorliklarni so‘ndirish mumkinligini aytadi. Fermer xaloskor bo‘lib ko‘ringan Ahmadjonning “beg‘araz yordam”iga rozi bo‘ladi.

Hayitqul Dadaboyev joriy yil 14-18 yanvar kunlari deyarli har kuni Ahmadjonning yoniga kelib, tez orada va’da qilingan pulni olib kelib berishini, turli sabablarga ko‘ra hozircha imkoni bo‘lmayotganini bildiradi.

“Hayitqul Dadaboyev oldimga kelganida, va’da qilgan puldan zarurat tufayli ozrog‘ini ishlatib qo‘yganini, shu sababli hozircha 2 million 500 ming so‘m berishga imkoni borligini aytdi. Har gal kelganida moddiy tomondan qiynalgani haqida gapirar edi, shu bois uning pullarini tezroq qo‘lga kiritish maqsadida bu taklifiga rozi bo‘ldim”, deb sudda o‘z aybiga iqror bo‘ldi Ahmadjon Yo‘ldoshev.

“Nafsim qurg‘ur balodir, suvdan o‘tga solodir”, degan dono naqlni Ahmadjon eshitmagandir ehtimol. Aks holda, tuppa-tuzuk ishlab yurgan joyidan, mehnat jamoasidan, misqollab yiqqan obro‘sidan bir kunda mosuvo bo‘larmidi?

Ahmadjon Yo‘ldoshev Sardoba tuman davlat soliq inspeksiyasidagi xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan 2 million 500 ming so‘m pulni olgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalil bilan jinoyat ustida qo‘lga olindi.

– O‘zbekiston Respublikasida sud avvalo, insoniylik prinsiplariga amal qiladi, – deydi Sardoba tumani prokurori o‘rinbosari O‘ktam Pirmatov. – Sud hay’ati, sudlanuvchi Ahmadjon Yo‘ldoshevga nisbatan jazo tayinlashda, uning o‘z qilmishidan pushaymonligi, 3 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, muqaddam sudlanmaganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deb baholadi va unga nisbatan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi ham inobatga olindi.

Sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoni bor, degan qat’iy xulosaga kelindi. A.Yo‘ldoshevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan, 168-moddaning 5-qismiga asosan, modda sanksiyasi doirasida axloq tuzatish ishlari jazosi, Jinoyat kodeksining 28, 211-moddasi 1-qismi bilan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

A.Yo‘ldoshev mazkur jinoyatni o‘zi egallab turgan lavozimi bilan bog‘liq holda sodir etgani e’tiborga olinib, kelajakda yana shunday jinoyatlar sodir etishining oldini olish maqsadida sud hay’ati unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, qo‘shimcha jazo, ya’ni moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Shuningdek, unga sutkaning muayyan vaqtida yashash xonadonidan chiqishni cheklash, ommaviy va boshqa tadbirlarda ishtirok etmaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Sirdaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik, alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar ham yuklatildi.

Sud hay’ati jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganini inobatga olib, A.Yo‘ldoshevga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini bekor qildi va uni sud zalidan ozod etishni lozim topdi.

Ahmadjon Yo‘ldoshev birovning haqiga xiyonat, o‘g‘rilik qilish, poraxo‘rlikka qo‘l urish kabi illatlar qaysi yo‘lga boshlashini o‘z hayoti misolida ko‘rdi. Mehnat jamoasi, mahalla-ko‘y, do‘st-birodarlari, oila a’zolari oldida yuzi shuvut bo‘ldi.

Qilmish-qidirmish, deganlari shu asli...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!