Saudiya Arabistoni "soqolbozlik"ni targ‘ib qiluvchi o‘yinchoqlarni musodara qilmoqda

Saudiya Arabistoni "soqolbozlik"ni targ‘ib qiluvchi o‘yinchoqlarni musodara qilmoqda

Saudiya Arabistoni hukumati hamjinsbozlikni tag‘ib qiluvchi kamalak rangdagi o‘yinchoqlar va bolalar kiyimlarini musodara qilmoqda, deya xabar beradi davlat telekanali.

Al-Ekhbariya nashri xabarida savdo vazirligi rasmiylari poytaxt Ar-Riyoddagi do‘konlardan bir qator buyumlarni olib ketayotgani ko‘rsatilgan. Ular orasida soch qisqichlari, pop-it, futbolkalar, shlyapalar va qalam qutilari bo‘lgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu narsalar islom dini va jamoat axloqiga zid keladi hamda yosh avlod o‘rtasida jinsiy buzuqlikni targ‘ib qiladi.

Savdo vazirligi Twitter sahifasida bu holatga: "Bizni nazorat guruhlarimiz savdo nuqtalarini tekshirish bilan shug‘ullanib, shariatga yot bo‘lgan illatlarni targ‘ib qiluvchi, sog‘lom fikrga zid bo‘lgan belgilar va belgilarni o‘z ichiga olgan mahsulotlarni olib qo‘yadi va musodara qiladi. Qoidalarni buzgan sotuv nuqtalari egalariga esa, qonunda belgilangan jazo va jarimalar qo‘llaniladi", - deya izoh bergan.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni hukumati Disney studiyasi ishlab chiqargan bir qancha filmlarga ham sog‘lom inson tabiatiga zid bo‘lgan sahnalar borligi uchun taqiq qo‘ygan.

Mamlakat qonunlariga ko‘ra, bir jinslilar o‘rtasidagi jinsiy muomala, ishning og‘irligiga qarab, o‘lim yoki darra urish bilan jazolanadi.

Shuningdek, erkaklarning «o‘zini ayollarga o‘xshatishi» yoki ayollar kiyimini kiyishi va aksincha, har qanday shaxsning «jamoat tartibi, diniy qadriyatlar, jamoat odob-axloqi va shaxsiy daxlsizligiga» tajovuz qiluvchi onlayn faoliyat bilan shug‘ullanishi ham taqiqlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!