Rossiya turli jinoyatlarda ayblangan to‘rt nafar shaxsni O‘zbekistonga topshirdi

Rossiya turli jinoyatlarda ayblangan to‘rt nafar shaxsni O‘zbekistonga topshirdi

 

Rossiya O‘zbekistonga giyohvand moddalar noqonuniy savdosi va aylanmasi uchun qidiruvda bo‘lgan to‘rt kishini, shu jumladan, bitta takroriy jinoyat sodir etgan shaxsni ekstradisiya qildi. Bu haqda «TASS» 6 mart kuni Rossiya Bosh prokuraturasining rasmiy vakili Andrey Ivanovga asoslanib ma’lum qildi.

«Bosh prokuratura to‘rt nafar fuqaroni jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonga ekstradisiya qildi. Ular Rossiyada turli vaqtlarda hibsga olingan. Maxsus konvoy hamrohligida ular O‘zbekistonga olib ketilgan», – dedi Andrey Ivanov.

Ulardan biri, Ahmadali Muydinov – takroran ravishda jinoyat sodir qilgan xavfli residivist. 2017 yil oktyabr–noyabr oylarida Andijon viloyatida boshqaning xonadonini sotish huquqini beruvchi soxta ishonchnoma bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzgan. Shuningdek, 15 900 dollarni noqonuniy o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, ikkinchi fuqaro Azamat Shodiyev mol-mulk o‘g‘riligida ayblangan. Uchinchisi — Nortoji Yo‘ldashev esa 30 nafar fuqaroni aldov yo‘li bilan pullarini o‘zlashtirgan. Ekstradisiya qilingan to‘rtinchi shaxs Evgeniy Monin narkotik moddalar kontrabandasida ayblanmoqda. U 2008 yil sentyabrdan 2009 yil aprelgacha narkotik moddalar kontrabandasini tashkil qilib, Rossiyada 4 kilogrammdan ortiq geroin sotgan.

Bundan avval xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik erkak Rossiyada qo‘lga olingani hamda Rossiya jinoiy javobgarlikka tortish uchun bir yo‘la 56 nafar kishini O‘zbekistonga topshirgani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!