Rossiya aholisi kamaya boshladi. Muammoning yechimi – migrantlarda (mi?)

Rossiya aholisi kamaya boshladi. Muammoning yechimi – migrantlarda (mi?)

2018 yilning yanvar-oktyabr oylarida Rossiya aholisi soni 78,7 ming kishiga kamaydi, deb ma’lum qildi Rosstat. Bu Rossiyada keyingi 10 yil ichida aholi sonining ilk bor kamayishidir. So‘nggi marta bunday holat 2008 yilda qayd etilgan: migrasion oqimning tabiiy kamayish o‘rnini to‘ldira olmagani natijasida aholisi soni 10,3 ming kishiga kamaygan.

O‘tgan yil dekabrida Rosstat aholining tabiiy kamayishi 2018 yilning 11 oyi davomida 180,5 ming kishini, migrasion o‘sish esa 101,8 ming kishini tashkil qilganini bildirgandi.

2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiyada 146 million 793,7 ming kishi istiqomat qiladi, bir yil avval bu raqam 146 million 880,4 ming kishini tashkil etgandi.

Migrantlar kelishi kamaydi

Avvalroq BMT 2050 yilga kelib Rossiya aholisi soni 11 million kishidan ko‘proqqa kamayib, 133 million kishini tashkil etishini taxmin qilgandi. 2018 yil yanvar-oktyabr oylarida tug‘ilish 1,352 million nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 66 mingga kamdir.

Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, aholi soni kamayishi birinchi navbatda qishloq joylarda yuz bergan. Shahar aholisi soni 2019 yil 1 yanvar holatiga 109 million 451,3 ming kishini (2018 yil 1 yanvar holatiga 109 million 326,90 ming kishi) tashkil etgan bo‘lsa, qishloq aholisi soni 37 million 342,4 ming kishini (2018 yil 1 yanvar holatiga 37 million 553,5 ming kishi) tashkil qilgan.

Rossiya aholisi soni 2018 yildan kamaya boshlashi haqida o‘tgan yili RANXiGS va Gaydar instituti ekspertlari ogohlantirishgandi.

Ularning iyul oyidagi monitoringida aholining migrasion o‘sishi qisqarishda davom etayotgani va tabiiy kamayish o‘rnini qoplay olmasligi aytilgandi.

Asosiy sabab Ukrainadan keluvchilarning kamayishi va Markaziy Osiyo davlatlaridan keluvchilarning odatiy ko‘rsatkichi sekin tiklanishi , deyilgandi hisobotda.

Ekspertlarning qayd etishlaricha, 2018 yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiya aholisi Ukrainadan kelgan migrantlar hisobiga 7,4 ming kishiga ko‘paygan, 2017 yil yanvar-aprelida esa Ukrainadan 27,3 ming kishi, 2016 yilning xuddi shu davrida esa 35,3 ming kishi Rossiyaga kelgan.

2018 yilda migrasion o‘sish 2017 yilga nisbatan 43 foizga yoki 76,6 ming kishiga kamaygan. Rossiyaga Ukrainadan migrantlar kelishi 74 foizga, O‘zbekistondan 70 foizga va Qirg‘izistondan 40 foizga qisqargan. Qayd etilishicha, MDH davlatlari Rossiya uchun asosiy migrant donorlari hisoblanadi, ammo bu resurs tugamoqda.

Tabiiy kamayish sabablari

Tabiiy kamayishning asosiy sababi tug‘ilishlar soni qisqarishidir. 2018 yil yanvar oktyabrida tug‘ilishlar soni 1,352 million kishini tashkil etgan bo‘lib, bu avvalgi yildagiga qaraganda 66 ming nafarga kamdir. Tug‘ilishning kamayishi mamlakatning 85ta regionidan 83tasida qayd etilgan.

Tug‘ilish kamayishida mamlakat aholisining moddiy ahvoli yomonlashishi ham o‘z o‘rniga ega, deb hisoblaydi iqtisodchi Vladimir Tixomirov. Rossiyaliklarning real daromadlari so‘nggi to‘rt yil davomida pasayib bormoqda.

Aholi kamayishining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’siri

Mamlakat umumiy aholisi sonining kamayishi mehnatga layoqatli rossiyaliklar sonining kamayishi, keksalar sonining esa ko‘payishini anglatadi. Ishchi kuchining kamayishi mamlakat iqtisodiy o‘sishini sekinlashtiradi, deydi Tixomirov. Hozirda Rossiya mehnat bozorida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlaydigan fuqarolarga yuklamani oshiradi. Tixomirovning fikricha, mehnatga layoqatli aholi sonining qisqarishi muammosini faqat tug‘ilishning ko‘payishi yoki mehnatkash migrantlar oqimigina hal qilishi mumkin.

Migrantlar muammoning yechimi sifatida ko‘rilmoqda

Tug‘ilishlar sonini oshirish va aholi soni kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Rossiya hukumati kam daromadli oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni joriy etdi. 2018 yil 1 yanvardan Rossiyadagi oilalar birinchi va ikkinchi farzand tug‘ilgani uchun har oyda nafaqa olish huquqiga ega bo‘ldi.

Hukumat aholi sonini ko‘paytirish bo‘yicha Demografiya deb nomlangan milliy loyihani ishlab chiqdi. Loyiha 2024 yilgacha davom etadi. 2019 yilda ushbu loyihani amalga oshirish uchun 512 milliard rubl, 2020 yilda 522 milliard rubl, 2021 yilda esa 528 milliard rubl sarflanishi rejalashtirilgan.

Kommersant’ nashri ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin besh yil ichida Rossiya fuqarolari sonini 5-10 million kishiga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Donorlar sifatida aksariyat aholisi rus tilida so‘zlashadigan mamlakatlar: Ukraina, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Moldova ko‘rilmoqda.

Nashrning qayd etishicha, bu yo‘nalishdagi qonunchilik ishi allaqachon boshlangan: migrasiya siyosati bo‘yicha yangi konsepsiyadan tashqari, fuqarolik masalalari bilan bog‘liq qonunlar allaqachon qabul qilingan yoki qabul qilinish jarayonida.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonning 4,5 million nafar fuqarosi migrasion ro‘yxatga olingan, 3,25 million kishi - ro‘yxatdan chiqarilgan (saldo 1,25 million). Ikkinchi o‘rinda Tojikiston fuqarolari: 2,33 million kishi ro‘yxatga olingan, 1,53 million kishi ro‘yxatdan chiqarilgan (saldo - deyarli 800 ming kishi).

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!