Qozog‘istonlik blogerdan giyohvand moddalarini sotib olib, oyoq kiyim poshnasida O‘zbekistonga olib kirish bilan shug‘ullangan er-xotin ushlandi

Qozog‘istonlik blogerdan giyohvand moddalarini sotib olib, oyoq kiyim poshnasida O‘zbekistonga olib kirish bilan shug‘ullangan er-xotin ushlandi

Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida, giyohvandlik vositalarini internet orqali sotib olib, chegaradan maxsus yasalgan oyoq kiyimning poshna qismida olib o‘tib biznes qiluvchi er-xotinning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 21 yanvar kuni IIBB tezkor xodimlari hamda YHXB inspektorlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida, Chirchiq shahri Intizor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan oq rangli Spark avtomobili to‘xtatilib, avtomashina haydovchisi R.YU.ning hujjatlari tekshirilgan. Tekshiruv chog‘ida haydovchi o‘zini shubhali tutib, noo‘rin xatti-harakatlar qilganligi sababli, avtoulov saloni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Ko‘zdan kechirish davomida avtoulov saloni ichida 3 ta gugurt qutiga qadoqlangan jami 12 gramm marixuana giyohvandlik vositasi, 10 dona oq rangli qog‘oz bo‘laklariga o‘ralgan jami 6,2 gramm spice sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida olingan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilgan. Haydovchi ushbu giyohvandlik vositalarini Chirchiq shahrida yashovchi o‘zining tanishlari er-xotin B.M. va A.X.dan olganligi ma’lum qilgan.

B.M. va A.X.ning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan tadbir natijasida, ular maxsus xaridorga 1,5 million so‘m pul evaziga 9,2 gramm spice sintetik giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, xonadonida bo‘lgan F.I.da 1,1 gramm va uyida 5,46 gramm spice sintetik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan.

Ushbu olingan giyohvand va psixotrop moddalarning manbasini aniqlash bo‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, B.M.ning xotini A.X. yuqorida keltirilgan 12 gramm marixuana va 20 grammdan ortiq spice sintetik giyohvandlik moddalarini qozog‘istonlik ijtimoiy tarmoq blogeridan olib, doimiy ravishda O‘zbekiston bojxona chegara maskanlaridan maxsus tayyorlangan oyoq kiyimining poshnasiga yashirgan holda olib o‘tganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!