Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda yangi davr ochdi – NDT

Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda yangi davr ochdi – NDT

Oxirgi vaqtlarda xorijiy davlatlar mediasida O‘zbekiston va Shavkat Mirziyoyev, u olib borayotgan siyosatga bag‘ishlangan maqolalar tez-tez bo‘y ko‘rsatyapti. Shunday maqolalardan biri “New Delhi Times” nashri tomonidan e’lon qilindi. Uning muallifi doktor Ankit Srivastana.

Maqolada Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti bo‘lgach, mamlakat faqatgina har tomonlama rivojlanishda qiyosi yo‘q davrni o‘tkazibgina qolmay, shu bilan birga xalqaro maydondagi pozisiyasini mustahkamlagan va Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatga aylangani ta’kidlangan.

“Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda islohot kurashchisi deb e’lon qilindi”, degan maqola muallifi.

Ankit Srivastana Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishini ham eslatib o‘tgan. U Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotidan keyin 2016 yil sentyabrda Oliy Majlis tomonidan davlat rahbari vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangan. Keyinroq 2016 yil dekabrda o‘tkazilgan saylovda to‘liq muddatga Prezident etib saylangan. 14 dekabrda esa rasman yangi lavozimda ishga kirishgan.

“Mirziyoyev lavozimga kelishi bilan demokratik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun qat’iy qarorlar qabul qildi. Uning qarashlari quyidagi fikrida yanada yaxshi aks etgan: “Hukumat xalqqa xizmat qilishi kerak, aksincha emas”. Mirziyoyev O‘zbekiston savdo va investisiyalar uchun ochiqligini ta’kidladi”, deyiladi maqolada.

O‘zbekistonning 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan milliy rivojlanish strategiyasi yangi Prezident qarashlari bilan qabul qilingani qayd etilgan. O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirish strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi belgilab olingan:

1. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizasiya qilishda Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish.

2. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash.

3. Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizasiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institusional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, shuningdek, Viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish.

4. Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish va ishchi o‘rinlari yaratish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, Arzon uy-joylar barpo etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizasiya qilish, ta’lim va fan sohasini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish.

5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘nalishlari hamda Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar.

“Shavkat Mirziyoyevning prezidentligi bu majburiyatlarni amalga oshirishni ta’minladi. Deputatlar odamlar bilan muloqot qilishga va muntazam ravishda o‘z okrugiga borishga undalyapti”, deydi muallif.

Ko‘rilgan choralar mamlakat siyosiy tizimi uchun ijobiy natijalar bergani hamda siyosatchilar va siyosiy partiyalarning jamoatchilik orasida obro‘si oshishiga olib kelgani, O‘zbekistonning fuqarolik va siyosiy manzarasi sezilarli o‘zgargani qayd etilgan.

Jamoat tashkilotlari va OAVga nisbatan liberal muhitda faoliyat yurita boshlagani, siyosiy jarayonlarga nisbatan dushman emas, hamkor bo‘lishni boshlagani Mirziyoyev prezidentligining yutug‘i sifatida e’tirof etilgan.

Boshqaruvda shaffoflikni oshirishda yutuqlarga erishilgani, natijada Transparency International harakatining 2019 yildagi “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da O‘zbekistonning o‘rni sezilarli yaxshilangani aytib o‘tilgan.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatda yana qoladigan bo‘lsa, O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni yanada yaxshilanishi aniq ekani alohida ta’kidlangan.

“Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy islohotlari ijobiy natijalar berishni boshladi. COVID-19 pandemiyasi dunyo iqtisodiyoti rivojiga zarba bergunicha O‘zbekistonda havas qilgulik o‘sish sur’ati kuzatilgan”, deydi doktor Srivastana.

2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 0,2 foizga ko‘paygan. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston YAIM 2019 yil birinchi yarmida 5,8 foizga o‘sgan. JB pronoziga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 2021 yilda 4,3 foizga, 2021 yilda 4,5 foizga o‘sadi.

Maqolada qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur’ati 3 foizgacha qaytishi kutilyapti.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining kredit xavfi reytingida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangan. Jahon bankining Doing Business reytingiga ko‘ra, mamlakat 7 pog‘ona yuqorilab, 190 davlat orasidan 8-o‘rinni egallagani ta’kidlab o‘tilgan.

O‘zbekistonning COVID-19 ga qarshi kurash choralari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’tirof etilgani ham eslatib o‘tilgan. Shuningdek, mamlakatda milliy diagnostika laboratoriyalari soni 60 taga yetgani ta’kidlangan.

“Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlati sifatida O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirdi. COVID-19 pandemiyasi vaqtida Shavkat Mirziyoyev infeksiya tarqalishiga qarshi choralarni ishlab chiqishga boshchilik qildi. O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonga insonparvarlik yordam ko‘rsatdi”, degan maqola muallifi.

Doktor Ankit Srivastana O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish tarafdori ekanini ham eslatgan va uni olqishlagan.

“O‘zbekistonning bu taklif va tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy va mintaqaviy vaziyatni mustahkamlabgina qolmay, regiondagi xavfsizlikni ham oshiradi”, deydi u.

Maqolada Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston borasidagi qarashlariga ham to‘xtalib o‘tilgan.

“O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun BMTning Afg‘oniston bo‘yicha doimiy komissiyasini tuzishni taklif qildi. Bu Afg‘onistondagi har qanday tinchlik jarayoni afg‘on xalqining tanloviga to‘g‘ri kelishi kerak degan prinsipga mos”, deyiladi maqolada.

Muallif so‘zi so‘ngida Shavkat Mirziyoyevning ham ichki, ham tashqi siyosati muvaffaqiyatli bo‘lganini qayd etgan. Shuningdek, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy xavfsizligi sohasida yetakchi o‘yinchiga aylanayotgani ta’kidlangan.

Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!