Poplik uchta fermer paxtaga aralashtirilib topshirilgan 3 tonna qum va tuproq bilan qo‘lga tushdi

Poplik uchta fermer paxtaga aralashtirilib topshirilgan 3 tonna qum va tuproq bilan qo‘lga tushdi

Yurtimizda paxta mavsumi davom etmoqda, shu kunlarda esa terilgan xomashyoni paxta tozalash maskanlariga topshirish jarayonlari hali yakuniga yetganicha yo‘q. Bu ishlar har yili muttasil tashkil etilsa-da, yildan-yilga bu borada yangicha firibgarlik usullari o‘ylab topilmoqda. Huquq-tartibot organlari tomonidan esa ular fosh etilyapti. Xuddi shunday nayranglardan biri kishini hayratga soladi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Namangan viloyati Pop tumani “Pop paxta tozalash”AJ mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining jinoiy rejalariga nuqta qo‘yildi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda, paxta topshirish Maskani brigadiri Furqat Rahimov, “Shamsiddin-Dildora” fermer xo‘jaligida terilgan paxta xomashyosi ostiga yashirilgan 1 tonna tuproq va qumni o‘tkazib berish evaziga Shuhrat Usmonovdan 300 AQSh dollari va 400 ming so‘mni olib, qum va tuproqni jamiyat hududiga tushirib chiqqan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushirildi.

Shuningdek, tezkor tadbir jarayonida tumandagi “Oltin zamin Rasul” va “Abdurashid ota T” fermer xo‘jaliklarining paxta xomashyolari olib kelingan transport vositalarining har birida polietilen qoplarda bo‘lgan 1 tonnadan tuproq va qum borligi aniqlandi. Umuman, uchta fermer xo‘jaligi tomonidan 3 tonna qum va tuproq shu kuni sotilgan 9 694,7 ming so‘mlik paxta xomashyosi o‘rniga o‘tkazilganligi aniqlangan.

Bu hali hammasi emas, e’tibor bering jamiyat hududidagi 27-buntning ichida tuproq uyumlari mavjud bo‘lib, paxta saqlash maydonchasida mavjud xomashyo 1-nav 1-sinfga mansubligi va uni ichiga 1,8 tonna tuproq aralashtirib yuborilganligi Departament xodimlari tomonidan fosh etildi. Mazkur almashtirib qo‘yilgan tuproq uchun davlatdan 6,313 ming so‘m pul undirilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan “Pop paxta tozalash”AJ qoshidagi PTM brigadiri Furqat Rahimov va jamiyatning boshqa mansabdor hamda moddiy javobgar shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, paxta hosili dehqon uchun ona Vataniga, xalqiga xizmat qilish, yurt rivojiga hissa qo‘shish bilan barobar. Ammo oppoq paxtaga qora dog‘ tushirayotgan yuqoridagi kabi kimsalar afsuski milliy boyligimizni o‘z nafsini qondirish, cho‘ntagini qappaytirish manbai, deb o‘ylayapti. Holbuki, bu kabi jinoyatlarni sodir etgan yoki etishga uringan shaxslar, albatta, qonun oldida javob berishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 

huzuridagi Axborot-tahlil multimedia 

markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

 

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!