Navoiyda emlanmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatgan direktorga chora ko‘rildi

Navoiyda emlanmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatgan direktorga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori emlanmagan o‘qituvchilarni yoppasiga ishdan bo‘shatgani yuzasidan tarqalgan xabar bo‘yicha Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tarqalgan xabarlarda ko‘rsatilgan holat o‘z tasdig‘ini topgan. Unga ko‘ra Navoiy viloyati Qiziltepa tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 12-umumiy o‘rta maktabi direktori va o‘qituvchilaridan tushuntirish xatlari olingan.

Ma’lumot uchun: maktab direktorining buyrug‘iga asos sifatida ko‘rsatilgan Maxsus komissiyaning 2021 yil 17 iyuldagi yig‘ilishi 78-sonli bayonida koronavirusga qarshi emlanmagan xodimlarni ishdan bo‘shatish emas, vaqtinchalik chetlashtirish nazarda tutilgan edi.

Maktab direktorining ta’kidlashicha, u dastlab xodimlarni ogohlantirgan. Biroq viloyat sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi tekshirganida o‘qituvchilar emlanmagani uchun unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima tayinlangan. Shundan so‘ng uning jahli chiqib, o‘qituvchilarni bo‘shatish yuzasidan buyruq tayyorlatgan va uning nusxasini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng ayrim o‘qituvchilar vaksina olgani haqidagi sertifikatni taqdim etishgan. Direktorning ta’kidlashicha, buyruq rasmiylashtirilmagan, shunchaki «qo‘rqitib qo‘yish» uchun tayyorlangan edi. Biroq maktabdagi o‘qituvchilar ularga ko‘rsatilgan buyruqda imzo va muhr borligi hamda 170-raqam bilan rasmiylashtirilganini ko‘rganlarini aytishgan.

Navoiyda emlanmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatgan direktorga chora ko‘rildi

Mehnat vazirligi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 23 noyabrda maktab direktori nomiga 18/00-01/11-571-sonli yozma ko‘rsatma kiritilib, buyruqlar bekor qilingan hamda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, maktab direktorining vakolatlari doirasiga xodimlarni «qo‘rqitib qo‘yish» kirmaydi. Bundan tashqari xodimni ishdan bo‘shatish va chetlashtirishning o‘rtasida farq bor. Maxsus komissiya qarori va Mehnat kodeksining 113-moddasiga asosan karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda, xodim ishdan chetlashtirilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!