NASA raketasining oyga safari qoldirildi

NASA raketasining oyga safari qoldirildi

27 sentyabrga belgilangan Orion kosmik kemasini kosmosga olib chiquvchi Space Launch System (SLS) o‘ta og‘ir raketasini Oyga uchirish bo‘yicha navbatdagi urinish ob-havo sharoiti tufayli noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda Aeronavtika va kosmik tadqiqotlar milliy boshqarmasi (NASA)ning shanba kuni e’lon qilingan xabarida aytiladi, deya xabar beradi Kazinform TASSga tayanib.

«Dovullarni kuzatish milliy markazidagi hamkorlarimiz va AQSh kosmik kuchlarining prognozlariga asoslanib, biz 27 sentyabrga belgilangan startni ko‘chirishga qaror qildik», — deyiladi xabarda.

Qaror Florida shtatiga Ien tropik bo‘roni yaqinlashayotgani sababli qabul qilingan.

NASA 29 avgust va 3 sentyabr kunlari Orionni uchirishga uringan. Har ikki safar ham raketaga yonilg‘i quyish paytida vodorod sizib chiqishi aniqlanganidan keyin parvoz bekor qilingan. NASA ekspertlarining fikricha, sizib chiqishlar raketaning o‘zi emas, balki yoqilg‘i quyish uskunasi bilan bog‘liq muammolar tufayli bo‘lgan, shuning uchun parvozga hech qanday to‘siq yo‘q.

2019 yilning bahorida NASA uch bosqichdan iborat bo‘lgan Artemis dasturi loyihasini e’lon qildi. Ulardan birinchisi (Artemis 1) Orionning Oy atrofida uchuvchisiz parvozini va uning Yerga qaytishini nazarda tutadi. Ikkinchi bosqich (Artemis 2) - bortida ekipaj bilan Yerning tabiiy yo‘ldoshi atrofida parvozni nazarda tutadi. Missiyaning uchinchi bosqichida (Artemis 3) NASA astronavtlarni 2024 yilda Oyga qo‘ndirib, so‘ngra ularni taxminan 2030 yillarning o‘rtalarida Marsga jo‘natishini rejalashtirmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!