Moskvada 28 sentyabdan yana karantin qaytmoqda

Moskvada 28 sentyabdan yana karantin qaytmoqda

Moskvada 28 sentyabr kunidan boshlab ba’zi karantin cheklovlari joriy etiladi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin o‘z blogida ma’lum qilgan.

«Qadrli do‘stlar! Men avvalo shahrimizning yoshi katta vakillariga murojaat qilmoqchiman. Umuman olganda esa, bu murojaatim barcha moskvaliklarga qaratilgan. Odamlarni doim uyda ushlab turishning imkoni yo‘q. Shu sabab yozda ko‘pchilik o‘z ish joyiga qaytdi. Biroq bugun sizlardan imkon boricha ko‘proq ishchilaringizni masofaviy ishlashga o‘tkazishingizni iltimos qilaman. Korxona faoliyati va iste’molchilar ehtiyojlariga ta’sir qilmaydigan darajada, albatta», degan Sobyanin moskvaliklarga murojaatida.

Moskva meri ish joyida sanitariya talablariga rioya qilish va 65 yoshdan katta kishilar imkon qadar uydan chiqmasligini so‘ragan. Yoshi katta xodimlarga ham masofadan ishlash yoki mehnat ta’tiliga chiqish tavsiya qilingan.

Yangi cheklovlar 28 sentyabrdan amal qila boshlaydi. Sobyanin bu cheklovlar joriy qilinishini Yevropada koronavirusdan zararlanish holatlari soni yana keskin oshgani bilan izohladi.

«Avgustdan boshlab Yevropada kasallanganlar soni keskin osha boshladi. Afsuski, Moskvada ham. Buning ustiga sovuq kunlar kelmoqda va bu shamollash kasalliklari ortishiga olib keladi», deb yozgan Sobyanin. U shamollagan odamlarning koronavirus yuqtirishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ma’lumot uchun, 24 sentyabr kuni Moskvada oxirgi uch oyda ilk marta kunlik kasallanish holati mingdan ortiq bo‘ldi. Rossiyada koronavirus yuqtirganlarning umumiy soni 1,13 milliondan oshgan. Kasallik mamlakatda 20 mingga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!