Korrupsiyasiz bank – eng birlamchi vazifa

Korrupsiyasiz bank – eng birlamchi vazifa

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5177-sonli Qarori ijrosiga muvofiq Mikrokreditbank tizimida ham Korrupsiyaga qarshi nazorat departamenti tashkil etilgan.
Mazkur departament tomonidan bank tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan barcha zaruriy choralarni ko‘rishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilib, ularning vakolat va huquqlari, shuningdek, bankning boshqa bo‘linmalari bilan birgalikdagi hamkorligi ichki me’yoriy hujjatlar bilan aniq belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, bank ehtiyojlari uchun xaridlarni shaffof tizim orqali amalga oshirish, ushbu jarayonda korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash va bartaraf etish amaliyotlari joriy qilindi.
Ta’kidlash kerakki, bank faoliyatida korrupsiya holatlarning yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘lgan kreditlash amaliyotlarida, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish eng ustuvor vazifa qilib belgilangan.
Yuqoridagi ishlarimizning samarasi o‘laroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, «Mikrokreditbank» ATB 95 ta davlat tashkiloti orasida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash reyting natijalariga asosan 84 ball bilan yashil reytingda yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Bunda, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 2023 yil davomidagi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari qay darajada samarali amalga oshirilgani baholandi.
Shu bilan birga joriy yilda bankda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini olish rejalashtirilgan. Bugungi kunda mas’ul konsultantlar hamda sertifikatlashtiruvchi tashkilotlar bilan bankning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi va xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini har tomonlama o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur vazifalar doirasida bankning korrupsiyaga qarshi nazorat tizimi tahlili o‘tkazildi, ichki va tashqi omillar aniqlandi, natijada korrupsiyaga qarshi kurashish reestrlari, manfaatdor shaxslarning korrupsiyaga qarshi bankka bo‘lgan talab va istaklari hamda korrupsiya xavflari shakllantirildi.
Korrupsiyaga qarshi o‘qitish ishlariga muvofiq 2024 yil uchun xodimlarning huquqiy ongini oshirish maqsadida reja-grafik ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan bankning Bosh ofisi va hududiy bo‘linma xodimlari ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi organlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari hamda Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlarning malakasini oshirish markazi mutaxassislarini jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va farmonlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, «Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari», «Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi», «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish» va «Bank siri to‘g‘risidagi qonun mazmun-mohiyati» mavzularida seminar-treninglar hamda davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, xodimlarning malakasini oshirish va ularga korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakillantirish uchun Bankning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida, 89 nafar bank xodimlari xalqaro trening markazida ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashni boshqarish tizimi — talablar va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar» bo‘yicha o‘qitildi va ular xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, bankda xodimlarni individual o’qitish va ularning huquqiy ongini rivojlantirish maqsadida bankning «MKB Training» platformasida «Antikorrupsiya 2023», «Bankda korrupsiyaga qarshi kurashish» hamda «Korrupsioner kim?» mavzularida tashkil etilgan o‘quv kurslarida interaktiv viktorina, video darslar va testlar orqali xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirish ishlari olib borilmoqda.

Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida e’tiborga molik ishlardan yana biri, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, bu borada jamoatchilik bilan samarali aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida 4 ta aloqa kanali tashkil etilgan.
Ya’ni ishonch telefoni: +998 55 503-77-11, telegram BOT: mkbanticor_bot, elektron pochta: mkbanticor@mkb.uz, rasmiy veb-sayt: www.mkbank.uz Antikorrupsiya sahifasi orqali mijozlardan va fuqarolardan bank tizimidagi bevosita qonun buzilish holatlari vujudga kelganda murojaatlarini shaxsni oshkor qilgan holda yoki anonim tarzda yuborishlari mumkin.
Shuningdek, mijozlarga oson bo’lishi uchun bankning veb-sayti va telegram botiga murojaat qoldirish video-yo‘riqnomasi tayyorlangan. Bu yo‘riqnoma bankning mijozlarni kutish zali va elektron navbatlarni taqdim etish qurilmasi monitorlarida havola etib turiladi.
Darhaqiqat, korrupsiya jamiyat uchun katta xavf, shuning uchun ham yurtimizda bu illatga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda. Mikrokreditbank tizimida mehnat qilayotgan har bir xodimga ham korrupsiyaning oqibatlari haqida muntazam targ‘ibot-tavshiqot ishlari o‘tkazilmoqda.

Akmal Xamidov,
«Mikrokreditbank» ATB Boshqaruv

raisining birinchi o‘rinbosari v.b.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!