Kobulda namoyish: Yuzlab odamlar banklar ochilishini talab qildi

Kobulda namoyish: Yuzlab odamlar banklar ochilishini talab qildi

Yuzlab odamlar banklar va valyuta almashtirish shoxobchalari ochilishini talab qilib Kobul ko‘chalariga chiqdi. Bu haqda Khaama Press agentligi xabar bermoqda.

«Tolibon» harakati 25 avgustdan Afg‘onistondagi barcha banklar ish boshlashini e’lon qilganiga qaramasdan, ko‘plab banklar xodimlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan ishga qaytmayapti.

Namoyishchilar banklarda saqlanayotgan mablag‘larning hech bo‘lmasa bir qismi berilishini talab qildi. O‘z navbatida, banklar rahbarlari mamlakat markaziy banki ochilmagunicha faoliyat boshlay olmasliklarini aytmoqda.

Afg‘onistondagi barcha moliya muassasalari qariyb ikki haftadan buyon yopiq turibdi. Natijada millionlab kishilar banklardagi pullarini ololmayapti, ishxonalar esa o‘z xodimlariga maosh bera olmayapti.

Toliblar 23 avgust kuni Hoji Muhammad Idrisni markaziy bank boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlagandi. Avvalroq Ashraf G‘ani boshchiligidagi hukumat davrida markaziy bank rahbari vazifasini bajargan Ajmal Ahmadiy toliblar davlat rezervlarining 0,1 foiziga egalik qilishi mumkinligini, rezervlarning katta qismi AQSh tomonidan muzlatib qo‘yilganini aytgandi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!