Kimki Laylatul Qadrni bedor o‘tkazsa...

Kimki Laylatul Qadrni bedor o‘tkazsa...

Ramazonning oxirgi o‘n kunligi boshlandi. Ayniqsa, ana shu o‘n kunlikda ibodatlarga, saxovatlarga qattiq berilgan kishi  katta foydalar olib qoladi. Shu tunlarda uyquni harom qilsak, jahannam otashidan najot topamiz, inshoalloh.  Jumhur ulamolar ming oyda qilinadigan ibodatga olinadigan savobga teng savob olish mumkin bo‘lgan – Laylatul Qadr kechasi ana shu o‘n kunlikda ekaniga ittifoq qilganlar.

Bu kechaning ulug‘ martabasi Qur’oni karimda ham tavsiflangan. Ammo uning aynan qaysi tunda ekani aniq aytilmagan. Shu boisdan ushbu o‘n kunlikning har bir kechasini Qadr bilib ibodatda qoim bo‘lsak, uni topamiz, inshoalloh.

Xo‘p, bu oyning mukofoti nima o‘zi? Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan sahih hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Laylatul Qadr kechasini bedor o‘tkazsa, Alloh taologa chin ixlosu e’tiqod ila ibodat qilib chiqsa, Rabbimiz uning barcha gunohlarini kechirib yuboradi”, deb marhamat qilganlari aytilgan.  

Aynan shu kechada Alloh taolo bandalarining duolarini qaytarmaydi. Har birimizning orzu-havaslarimiz, muammolarimiz, istiqboldagi rejalarimiz, oramizda shifo topish istagida bo‘lgan dardmandlarimiz bor. Laylatul Qadr – ana o‘sha ehtiyojlarimizni Parvardigorimizdan so‘raydigan kechadir.

Bu – orzularga yetish, rejalarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyat. Uni qo‘ldan chiqarib qo‘ysak, keyin afsuslanib qolamiz. Har tunda ibodatlar, zikrlar qilib, Alloh taologa gunohlarimizni kechirishini so‘rab yolvoraylik.

Alloh taolo Laylatul Qadrning qanday ulug‘ kecha ekanini Qur’oni karimning Qadr surasida quyidagicha ta’riflagan:

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَـٰنِ ٱلرَّحِيمِ

إِنَّآ أَنزَلْنَـٰهُ فِى لَيْلَةِ ٱلْقَدْرِ ﴿١﴾وَمَآ أَدْرَىٰكَ مَا لَيْلَةُ ٱلْقَدْرِ ﴿٢﴾لَيْلَةُ ٱلْقَدْرِ خَيْرٌۭ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍۢ ﴿٣﴾تَنَزَّلُ ٱلْمَلَـٰٓئِكَةُ وَٱلرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِم مِّن كُلِّ أَمْرٍۢ ﴿٤﴾سَلَـٰمٌ هِىَ حَتَّىٰ مَطْلَعِ ٱلْفَجْرِ ﴿٥﴾

1 . Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadr da tushirdik.

2 . Laylatul Qadr qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi?

3 . Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir.

4 . Unda farishtalar va Ruh Rabbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir.

5 . U to tong otguncha salom bo‘lib turadir.

Kunlarimizning har lahzasida ramazonning bizdan uzoqlashib borayotganini his qilib turamiz va tez orada u nihoyasiga yetadi. Shunday ekan, ibodatlarga va ezgu ishlarga g‘ayratli bo‘laylik. Ushbu g‘animat kunlarni tilimiz va qalbimiz har doim zikrda bo‘lib, ibodatlarimizni vaqtida ado etib, tunlari Allohning marhamatini, fazlini so‘rab duolar qilaylik. Zotan, bu oyda qilingan har bir amal uchun savoblar bir necha bor ko‘paytirib yoziladi.  

Imom  Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda mo‘’minlar onasi Oisha roziyallohu anho: “Ramazonning oxirgi o‘n kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rpa-to‘shaklarini xonaning bir chetiga taxlab qo‘yardilar-da, masjidga chiqib tunni ibodatda o‘tkazar edilar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boqiy dunyoga ko‘chganlaridan so‘ng u zotning zavjalari shunday qilardilar”, deganlar.  Yana Oisha onamiz: “Payg‘ambar alayhissalom ramazonning oxirgi tunlarida o‘zlari ham uxlamas edilar hamda yaqinlarini ham uyg‘otib chiqib birgalikda tunni ibodatda o‘tkazar edilar”, deganlar.   

Allohning Rasuli yer yuzida o‘zidan oldin o‘tgan, o‘zining zamonida yashagan va keyin qiyomatgacha keladigan insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ayniqsa, ramazon oyida shu xislati jo‘sh urib ketar va yordamga muhtoj kimsalarning qoshiga eng uchqur shamoldan ham tez yetib borib ko‘makchi bo‘lar edilar.

Payg‘ambarimizning ushbu sunnatlariga amal qilib biz ham saxovatli bo‘lib, kechayotgan fazilatli kunlarimizda moddiy jihatdan qiynalib qolgan yurtdoshlarimiz bo‘lsa, ularga yordamchi bo‘lsak;, kunlarimizu tunlarimizni zikrullohda va ibodatda o‘tkazsak, shoyadki, mehribon Parvardigorimiz gunohlarimizni kechirib, O‘zining sevimli bandalari qatoriga qo‘ysa.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!