Isroilda hukumat va armiya o‘rtasida kelishmovchilik chiqdi

Isroilda hukumat va armiya o‘rtasida kelishmovchilik chiqdi

Isroil harbiy qo‘mondonligi o‘q-dori yetishmasligi, askarlarning charchagani sabab G‘azo sektorida HAMAS harakati bilan sulh tuzish niyatida. Bu haqda «The New York Times» gazetasi Isroil xavfsizlik tizimidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

«Harbiylar garovdagilarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuvni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», – degan Isroil Milliy xavfsizlik kengashi sobiq kotibi Eyal Xulata.

Isroil harbiylari G‘azoda HAMASning kuchi saqlanib qolishiga rozi, ammo ular istalgan vaqt Falastin harakati bilan urushga kirish imkoniyatidan foydalanish istagida.

Shu bilan birga, armiya HAMAS bilan sulh garovdagi 120 nafar isroillikni ozod qilishiga umid qilmoqda. Eng asosiysi, yahudiy davlati harbiylari sulhdan foydalanib, yaqin istiqbolda ro‘y berishi kutilayotgan Livanga qarshi urushga jiddiy hozirlik ko‘rmoqchi.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu HAMAS bilan sulh tashabbusiga qarshi chiqmoqda. «The New York Times» gazetasiga ko‘ra, Netanyahu avval-boshda e’lon qilganidek, HAMAS ustidan to‘laqonli g‘alabaga erishmasa, uning koalisiyasi parchalanishi va o‘zi ham hukumat rahbarligidan ketishi aniq. Tahlilchilar Isroil bosh vaziri o‘z siyosiy karyerasini saqlab qolish uchun ham G‘azo sektorida sulhga bormasligini aytmoqda.

Netanyahu AQSh gazetasi maqolasiga munosabat bildirar ekan, Isroil G‘azo sektorida HAMASni butkul tugatib, asirlarni ozod qilganidan keyingina urushni yakunlashi haqida bayonot bergan.

Isroilda hukumat va armiya o‘rtasida bo‘linish yuzaga kelgani avvalroq o‘rtaga chiqqan edi.

Ikki hafta muqaddam Isroil armiyasi rasmiy vakili Daniel Xagari HAMAS harakati bu mafkura ekani, uni yo‘q qilishga urinishlar samarasiz yakunlanishi haqida bayonot berib, Netanyahuning rasmiy pozisiyasini shubha ostiga olgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!