Telegram bot orqali samokatlar qoidabuzarligi haqida shikoyat qilish mumkin

Telegram bot orqali samokatlar qoidabuzarligi haqida shikoyat qilish mumkin

Elektr samokatlarni ijaraga olish xizmatining oltita operatoridan tashkil topgan O‘zbekiston mikromobillik assosiasiyasi fuqarolarning elektr samokatlar haydovchilari tomonidan qilingan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi shikoyatlarini qabul qilish uchun Telegram bot yaratdi.

«Bot orqali har qanday fuqaro O‘zbekistonning barcha kikshering operatorlariga murojaat qilishi mumkin, — dedi «Gazeta.uz»ga Mikromobillik assosiasiyasi vakili Konctantin Kislov. — Murojaat botga yuborilishi bilan barcha kompaniyalarda ko‘rinadi, chunki assosiasiya a’zosi bo‘lgan har bir operator xizmatga kirish imkoniyatiga ega. Biz har qanday istak, taklif va shikoyatlarni tinglaymiz».

Fuqarolar botga matnli xabarlarni ham, mediafayllarni ham yuborishlari mumkin. Agar fotosuratlar va videoda samokat raqami ko‘rinsa, shuningdek, qoidabuzarlikni aniqlash vaqti ham ma’lum bo‘lsa, operatorlar ushbu transportdan kim foydalanganini aniqlaydi va uni bloklaydi.

Konstantin Kislovning so‘zlariga ko‘ra, bot xizmatdan foydalanuvchilar va fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlarni tezlashtirish uchun yaratilgan. O‘zbekistonda elektr samokatlar ommalashib borayotgani sababli rezidentlar yangi muammolarga duch kelmoqda. Ko‘pgina foydalanuvchilar yo‘ldagi barcha harakat ishtirokchilari uchun risk tug‘dirgan holda, samokatlarni xavfli boshqarmoqda. Shaxsiy mobillik uchun noqulay bo‘lgan infratuzilma bu tahdidni kuchaytirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shahar aholisi, agar elektrosamokatlar to‘xtab turish joylari ularga halaqit qilayotgan bo‘lsa, «Xalq nazorati» xizmatiga ham shikoyat qilishi mumkin. Xizmat moderatorlari so‘rovlarni Mikromobillik assosiasiyasiga yuboradi, ular esa, o‘z navbatida, murojaatlarni tegishli kikshering operatoriga jo‘natadi.

Konstantin Kislovning qo‘shimcha qilishicha, xizmat kikshering kompaniyalarini foydalanuvchilarga yaqinlashtirishi mumkin. Bu xizmat sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va qoidabuzarliklarni kamaytirishi kutilmoqda.

Kikshering operatorlari samokatlarni ishlatish va boshqarish qoidalarini ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, mobil ilovalarning ommaviy ofertasida e’lon qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!