Erdo‘g‘an Demiralning «bo‘ri salyuti»ga munosabat bildirdi

Erdo‘g‘an Demiralning «bo‘ri salyuti»ga munosabat bildirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Merix Demiralning Avstriya ustidan qozonilgan g‘alabadan (2:1) keyingi ishorasiga munosabat bildirdi.

Avvalroq, Turkiya milliy jamoasi himoyachisi turk millatchilarining jestini ko‘rsatgani uchun UYEFA tomonidan ikkita o‘yinga diskvalifikasiya qilingani e’lon qilindi.

«Kimdir Germaniyaning libosida burgut ramzi borligi haqida gapiradimi?

Kimdir Fransiya milliy jamoasi liboslarida xo‘roz ramzi tushirilganini aytadimi? Kimdir nega shunaqa deb so‘raydimi?

Merix bu ishorasi bilan quvonchini ifoda etmoqchi bo‘lgan», - deydi Turkiya prezidenti.

«Milliyet» nashri xabariga ko‘ra, Turkiya Futbol Federasiyasi UYEFAning Demiralni 2 o‘yinga diskvalifikasiya qilinishi bo‘yicha qarori ustidan Sport xalqaro arbitraj sudiga (CAS) shikoyat arizasini kiritadi. Qayd etilishicha, CAS UYEFAning tegishli qarorini tez orada ko‘rib chiqib, ertagayoq bu boradagi yakuniy qarorini ma’lum qiladi.

Ma’lumot uchun, Yevro-2024 nimchorakfinalida Turkiya Avstriyani (2:1) mag‘lub etdi. Turklarning ikkita goliga ham Demiral mualliflik qilib, u g‘alabani «kulrang bo‘rilar» guruhining salomi bilan nishonlagandi. Bu jest turk millatchilari va panturkchilar ishorasi sanalib, Avstriya hamda Yevropaning bir qator mamlakatlarida taqiqlangan.

Turkiya chorakfinalda Niderlandiyaga qarshi o‘ynaydi. Bahs 6 iyul shanba oqshomida soat 23:59da boshlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!