Senat raisi Tanzila Narbayeva Navoiyga bordi

Senat raisi Tanzila Narbayeva Navoiyga bordi

4-5 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva xizmat tashrifi bilan Navoiy viloyatida bo‘ldi.

Viloyatda Tanzila Kamalovna boshchiligidagi delegasiyani viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Sulaymonov va boshqa mas’ullar kutib oldi.

Delegasiyaning Navoiy shahridagi ilk manzili Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish muassasasi bo‘lib, bu yerda xodimlar va malaka oshiruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Oliy Majlisi Senati raisi rahbarligidagi delegasiya Navoiy shahri hududida faoliyat yuritayotgan yirik qandolatchilik korxonasida ham bo‘lib, “Favorite Luks Servis” MCHJda xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.

Shundan so‘ng Senat Raisi Navoiy shahridagi Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiy markazi Navoiy viloyat filiali faoliyati bilan tanishib, mutaxassislar bilan muloqotda bo‘ldi. Muloqotda viloyatda ona va bola salomatligiga ahamiyat qaratiluvchi soqada yirik muvaffaqiyatlar mavjudligi, aynan onalar o‘limi tubdan qisqarganligi e’tirof etildi.

Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegasiyaning navbatdagi manzili O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlantirish agentligi huzuridagi “Yoshlar texnoparki” bo‘lib, u yerda xotin-qizlarni IT yo‘nalishida o‘qitish jarayonlari bilan tanishildi. Mutaxassislar bilan muloqotda mavjud muammo va kamchiliklarga to‘xtalib, yutuqlar va ularni ko‘paytirish borasida suhbatlashildi.

Senati Raisi viloyatning Navbahor tumani "Qorovultepa" mahallasiga ham tashrif buyurib, aholi xonadonlarida bo‘ldi. Tanzila Kamalovna mahalla aholisi va yettiliklari bilan samimiy suhbatlashdi.

- Mahalla yettiligi birovga ko‘rsatish uchun yoki ko‘z-ko‘z qilish uchunmas, shu mahalla istiqboli uchun qattiq ishlashi kerak, - dedi suhbatda Tanzila Narbayeva.

Navoiy shahridagi viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning xalq deputatlari Navoiy shahar, Karmana va Navbahor tumanlari Kengashlari deputatlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari to‘g‘risida so‘z bordi.

Delegasiyaning Navoiydagi xizmat safari ikkinchi kuni viloyati hokimi Normat Tursunov hamrohligida Navoiy shahridagi “Gidro Stanko Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Bu yerda aynan shu kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu yerda kooperasiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva viloyat hokimi Normat Tursunov hamrohligida Navoiy shahrida Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan “Tiancheng Stone” xorijiy korxonasi tomonidan granit mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Senat Raisi zavod xodimlari bilan suhbatda ishlab chiqarish jarayonida ekologiyaga zarar yetkazmaslikka ahamiyat qaratish lozimligini ta’kidladi.

Viloyat rahbari Normat Tursunov Oliy Majlis Senati Raisini avtomobil filtrlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Universal filter” korxonasi faoliyati bilan ham tanishtirdi.

Tanzila Narbayeva Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov hamrohligida Navbahor kasb-hunar maktabida ham bo‘lib, u yerda yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Yuqori martabali mehmonlarning Navoiydagi navbatdagi manzili Karmana tumanining "Mirsaid Bahrom" mahallasi bo‘ldi. Tanzila Kamalovna mahallada tashkil qilingan “Sog‘lom oila xonasi” faoliyati bilan tanishib, “mahalla yettiligi” bilan muloqotda bo‘ldi. Mahallani ishsizlikdan va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, Karmana Madaniyat markazi faoliyati bilan ham tanishildi.

Tashrif so‘ngida Navoiy shahar “Yoshlar markazi”da Navoiy viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganish natijalari yakunlariga bag‘ishlangan Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.

Delegasiya a’zolari shu kunning o‘zidayoq poytaxtga jo‘nab ketdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!