Tibbiy turizmni rivojlantirish - O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri

Tibbiy turizmni rivojlantirish - O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) direktori, i.f.d. Umid Obidxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi strategik institutlari tomonidan tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.

Konferensiya 2024-yilning 4-iyul kuni Bishkek shahrida “Qirg‘iziston va O‘zbekiston – keng qamrovli strategik sheriklikni mustahkamlash va kengaytirish” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

MHTI direktori U.Obidxo‘jayev konferensiyada qilgan chiqishi chog‘ida turizm, fan, ta’lim va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda ikki mamlakatninig o‘zaro hamkorligiga oid masalalar haqida to‘xtaldi.

Tibbiy turizmni rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida taklif etildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston aholisi orasida nafas olish va ovqat hazm qilish tizimi organlari kasalliklari ko‘p uchrashi qayd etildi.

Shu bilan birga, har ikki respublikada salomatlikni mustahkamlashda yordam beruvchi noyob tabiiy resurslarga ega hududlar mavjud.

Qirg‘izistondagi Issiqko‘l yaqinida, nafas olish yo‘llariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan speleoterapiya uchun foydalaniladigan Karst g‘orlari mavjud. Bundan tashqari, terapevtik loy bilan davolash ichak motorikasini yaxshilash va yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishda yordam beradi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Zomin va Oqtosh tumanlari nafas yo‘llari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan bo‘lsa, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida oshqozon-ichak kasalliklarini davolovchi suv manbalari mavjud.

U.Obidxo‘jayev xorijiy bemorlarning tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun kelishi mahalliy tibbiyot muassasalari va mutaxassislari uchun nafaqat daromad manbai, balki yordamchi tarmoqlar, xususan, mehmonxona biznesi, restoran, transport va boshqa xizmatlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini alohida ta’kidladi.

MHTI direktori ushbu imkoniyatlarni inobatga olib, tibbiy turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda maxsus hududiy master rejalarni ishlab chiqishni taklif qildi.

Izoh: Yaponiyaning Obu shahri sog‘lomlashtirish industriyasiga yo‘naltirilgan (ing. Wellness – sog‘lomlashtirish). Bu shaharda "Sog‘lomlashtirish vodiysi" (The Wellness Valley) joylashgan bo‘lib, u yerda ko‘plab tibbiyot, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq muassasalar mavjud. Ularning orasida Milliy geriatriya va gerontologiya markazi, shuningdek, yashash hamda fitnes va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlariga ega Aichi Health Plaza bor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!