Ichimlik suv ta’minoti: qamrov darajasi kengaymoqda

Ichimlik suv ta’minoti: qamrov darajasi kengaymoqda

So‘nggi yillarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida qamrov darajasini oshirish hamda aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,6 foizni tashkil etmoqda. Toshkent shahri, Andijon va Xorazm viloyatlari respublika bo‘yicha ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi eng yuqori hududlar sirasiga kirsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida bu ko‘rsatkich juda past.

Qayd etish joiz, ayni paytda hududlarda ta’minot qamrovini kengaytirish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Respublika miqyosida jami 4 million 800 mingdan ortiq abonent mavjud. Umumiy iste’molchilar soni 28 milliondan ziyodni tashkil etadi. Tizimda har bir iste’molchi yoxud abonent bilan ishlashda alohida yondashilmoqda. Bu borada kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan tezkorlik bilan ishlash uchun “Suvni-Asra” mobil ilovasi, @suvmuammobot telegramm boti, shuningdek, 24/7 rejimida ishlaydigan 12-55 qisqa raqamli “Yagona koll markazi” faoliyat olib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning o‘tgan davrida 157 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan 97 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan 3 foizi tizimli ko‘rib chiqilmoqda. Korrupsion holatlar bo‘yicha esa 356 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 91 foizi ijobiy hal etilgan, 9 foizi ijroda. Bundan tashqari, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash maqsadida iste’molchilar uchun takomillashtirilgan shaxsiy kabinet joriy etilgan. U orqali iste’molchilar to‘lovlar hisobotini oylar, yillar kesimida ko‘rib borishi, to‘lovni amalga oshirishi va hisoblagichlar ma’lumotini kiritishi mumkin.

Birinchi yarim yillik yakuni bilan 390 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 23 ta suv inshootlarida qurilish ishlari bajarilgan. Shuningdek, 145,8 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 642,5 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilangan.

Brifingda debitor qarzdorlik, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda ichimlik suvidan noo‘rin foydalanish hollari ham soha oldidagi og‘riqli masalalardan biri ekanligi aytildi. Ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish uchun huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik o‘rnatilgani ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!