Hindistonlik fotojurnalist Afg‘oniston janubida halok bo‘ldi

Hindistonlik fotojurnalist Afg‘oniston janubida halok bo‘ldi

Reuters axborot agentligining fotografi Donish Siddiqiy Qandahor provinsiyasida harbiylar va «Tolibon» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda halok bo‘ldi. Bu haqda Afg‘onistonning Hindistondagi elchisi Farid Mamundzay o‘zining Twitter sahifasida xabar bergan.

Siddiqiy 2010 yildan boshlab Reuters agentligi bilan fotograf sifatida hamkorlik qila boshlagan edi. 2018 yili Siddiqiy va uning hamkasbi Adnan Abidi Myanma va Bangladeshdagi rohinja musulmonlari fojiasi bilan bog‘liq suratlari uchun Pulitser mukofoti bilan taqdirlangan edilar.

Joriy yilning 13 iyul kuni Siddiqiy Twitter sahifasida «Xamvi» zirhli mashinasida afg‘on maxsus xizmati askarlari bilan ketar ekan, granatamyot o‘qlariga duch kelganini yozgan. Harbiy mashinaga uchta granata kelib uriladi, lekin hech kim shikastlanmaydi. Fotograf Qandahor provinsiyasida hukumat askarlari bilan Spin-Boldak aholi punktida bo‘lgan janglarda bo‘lgan. Bundan bir necha kun oldin toliblar mazkur tumanda joylashgan Pokistonga o‘tuvchi chegara yo‘lini egallab olgandilar. Afg‘on hukumati kuchlari so‘nggi kunlar ushbu strategik ob’ektni qayta qo‘lga kiritishga uringan.

Ma’lumot uchun «Chegarasiz muxbirlar» xalqaro tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yakuniga binoan Iroq va Meksika qatori Afg‘oniston ham jurnalistlar faoliyati uchun eng xavfli mamlakatlar uchligiga kirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!