Dunyo matohidan afzal ne’mat

Dunyo matohidan afzal ne’mat

Tafsir

«Bas, (ey insonlar!) Sizlarga ato etilgan narsa(lar) dunyo hayoti matosidir va imon keltirgan hamda yolg‘iz Parvardigorlariga tavakkul qiladigan zotlar uchun Alloh huzuridagi narsalar (dunyo matolaridan) yaxshiroq va boqiyroqdir. Ular katta gunohlardan va buzuqliklardan chetlanadigan, g‘azablangan vaqtlarida esa kechirib yuboradigan zotlardir. Ular Parvardigorlariga ijobat etgan va namozni barkamol ado etgan zotlardir. Ularning ishlari o‘zaro maslahat (bilan) bo‘lur va Biz ularni rizqlantirgan narsalardan (muhtojlarga) ehson qilurlar. Ular o‘zlariga tajovuz qilinganda (unga qarshi kurashib) g‘olib bo‘ladigan zotlardir» (Sho‘ro surasi, 36 – 39-oyatlar).

Oyatni Ibn Abbos roziyallohu anhu bunday tafsir qilgan: “Sizlarga ato etilgan narsa(lar) dunyo hayoti matosi” boqiy qolmaydi. “Allohning huzuridagi”, ya’ni savob sizlarga berilgan dunyo matohidan yaxshi va boqiydir. Bu savob Qur’oni karim va Muhammad sollallohu alayhi va sallamga imon keltirib, besh vaqt “namozni barkamol ado etgan”“o‘zlariga tajovuz qilinganda” zulm qilganlarga yomonlik qilmay, kechirganlarga bo‘ladi (“Tanviyrul maqobis min tafsiri Ibn Abbas”).

“Parvardigorlariga tavakkul qiladigan zotlar” ansoriylardir. Ularni Alloh taolo O‘ziga imon keltirishga va toatiga chaqirganida ular imon keltirishdi va itoat qilishdi, besh vaqt namozni ado etishdi. Ular Islom dinini qabul qilishlaridan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelishlaridan oldin har bir ishlarini maslahat bilan qilishardi. Alloh taolo ularni shu sababli maqtadi. Ishlarini to‘g‘ri bosh­qarish faqatgina sho‘ro (maslahat) bilan ish ko‘rishda (“Al-Kashshof”).

Imom Faxriddin Roziy oyatni bunday tafsir qilgan: “Dunyo matosini istash razil ishdir. Oyatda uni o‘ta pastligi uchun “matoh” deb nomlangan. Oxiratdagi narsalar esa yaxshi va abadiydir. Sog‘lom aql abadiy qoluvchi yaxshi narsani yo‘q bo‘lib ketadigan haqir narsadan ustun qo‘yishni taqozo qiladi”.

Yaxshi va abadiy narsalarga yetish bu sifatlar bilan sifatlanishni talab qiladi:

Mo‘min bo‘lishni; Allohning fazliga tavakkal qiluvchi bo‘lishni; (kim toatlar savobni vojib qiladi, ya’ni toat qildim, demak, savobga erishdim deb hisoblasa, u Allohga emas, o‘zining amaliga suyangan bo‘ladi va oyatdagi tavakkal qiluvchilardan bo‘lmaydi); Katta gunohlar va fahsh ishlardan chetda bo‘lishni; “Katta gunohlar”dan murod bid’atni qilmaslik, shahvoniy istaklar sabab fahshga bog‘lanib qolmaslikdir.

G‘azablanganda kechirishni; Alloh taoloning qazosiga chin qalbdan rozi bo‘lishni va bu borada biron ishda qalbida ziddiyat bo‘lmaslikni. “Namozni barkamol ado etgan”. Bu yerda namozdan murod farz namozlardir.

“Tafsiri hilol”da oyatdagi “katta gunohlar” Qur’on va hadisda qat’iy qaytarilgan va uni sodir etganga muayyan jazo tayin qilingan gunohi kabiralar deb tafsir qilingan.

Tafsir kitoblari asosida

Abdulloh ALIQULOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2020 yil, 2-sonidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!