Bir nechta loyiha institutlaridagi davlat ulushi sotiladi

Bir nechta loyiha institutlaridagi davlat ulushi sotiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda davlat loyiha institutlarini transformasiya qilish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Mamlakatimizda yirik qurilish korxonalari ko‘payib bormoqda. Ularni davlat loyiha institutlari bilan kooperasiya orqali bog‘lab, loyihalar sifatini oshirish, boshqaruvni yaxshilash mo‘ljallanmoqda.

Birinchi bo‘lib, namuna sifatida “Qishloq qurilish loyiha”, “Og‘ir sanoat loyiha”, “Georangmet LITI”, “Shaharsozlik LITI”, “Tosh uy-joy LITI”, “Toshkent boshplan LITI” loyiha institutlarida ushbu yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Loyiha institutlaridagi davlat ulushi keyinchalik hamkor qurilish tashkilotlariga sotiladi.

Yig‘ilishda bozorlar bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratildi. 500 dan ziyod bozor va savdo majmualaridagi davlat ishtirokini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgi kunda ularning 23 tasi zarar bilan ishlayapti, 210 tasi esa past rentabelli.

Bunday sharoitda bozorlarni ham savdo, ham dam olish, ham ko‘ngilochar markazlarga aylantirish yaxshi iqtisodiy samara beradi. Shu maqsadda loyihalar ishlab chiqilib, investorlar o‘rtasida tanlov e’lon qilinishi aytildi. Tanlov g‘olibiga eng yaxshi shartlarda bank krediti ajratiladi. Shuningdek, tadbirkor bozor daromadini oshirib, soliq tushumlari va ish o‘rinlarini muntazam ko‘paytirib borsa, unga bozorning davlat ulushini bo‘lib-bo‘lib xarid qilish imkoniyati beriladi.

Viloyat hokimlariga bozor va savdo majmualarini shu tarzda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!