2021 yilda Toshkent ilk marta dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

2021 yilda Toshkent ilk marta dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Kecha, 15 yanvar kuni Xalqaro dzyudo federasiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - O‘zbekiston va Xalqaro dzyudo federasiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, «Dzyudo maktablarda» dasturi doirasida ikki tomonlama Memorandum imzolash va eng muhimi - 2021 yili kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionati mezbonligini O‘zbekistonga topshirishdan iborat edi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida belgilangan barcha tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar doirasida Xalqaro dzyudo federasiyasining «Dzyudo maktablarda» dasturi yuzasidan to‘rt tomonlama memorandum imzolandi. Shartnoma imzolash jarayonida O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston dzyudo federasiyasi prezidenti Azizjon Kamilov hamda Xalqaro dzyudo federasiyasi prezidenti Marius Vizer ishtirok etdi.

«Dastur doirasida IJF tomonidan har bir maktabga bir dona tatami va bolalar uchun 50ta kimono taqdim etiladi. Bu esa O‘zbekistonda dzyudo sportining yanada rivojlanishiga, o‘quvchilar bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlariga imkon beradi. Bugungacha yurtimizdagi 20ta maktabda dzyudo to‘garaklari faoliyat yuritgan bo‘lsa, memorandumga ko‘ra ularning soni 40taga yetkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi ushbu maktablar qoshida tashkil etiladigan to‘garaklarda jami 900 nafarga yaqin o‘quvchilarning dzyudo bilan muntazam shug‘ullanishi ta’minlanadi. IJF 40ta maktabga tatami va kimono taqdim etadi hamda murabbiylarga maosh to‘laydi», deyiladi O‘zbekiston dzyudo federasiyasi matbuot xizmati xabarida.

Shundan so‘ng Marius Vizer Toshkent shahrini 2021 yilgi kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati mezboni sifatida e’lon qildi. Toshkent shahri ilk marta dzyudo bo‘yicha bu darajadagi nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi. 2021 yilning sentyabr oyida ko‘ptarmoqli «Humo Arena»da jahon chempionati hamda shu bilan birga IJF ning yillik Kongressi ham o‘tkaziladi.

Tadbir so‘ngida marosimda hozir bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Marius Vizer va Azizjon Kamilov mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.

«Aslida, 2021 yilgi jahon chempionati Avstriya poytaxti Vena shahrida o‘tkazilishi kerak edi. Lekin u yerdagi siyosiy vaziyat, aniqrog‘i, siyosatning sportdan xoli emasligi qarorimizni o‘zgartirishga sabab bo‘ldi. Biz boshqa sport federasiyalari qatori siyosatning sportga aralashuviga qarshimiz. Bu orada birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston tomoni jahon chempionati mezbonligi uchun o‘z nomzodini ilgari surdi. Biz federasiya rahbari Azizjon Kamilov bilan Budapeshtda uchrashib, bu borada gaplashib olgandik. Mana bugun mamnuniyat bilan 2021 yilgi jahon chempionati Toshkentda o‘tkazilishini e’lon qilamiz. 2022 yilgi jahon chempionati Vengriyaning Budapesht, 2023 yilgi chempionat Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkaziladi. 2025 yilgi musobaqa mezbonligiga esa hozirda 5-6 ta davlat da’vogarlik qilmoqda», deydi IJF prezidenti.

«O‘tgan yili «Humo Arena»da Toshkent Gran Prisi yuqori saviyada tashkil etildi. Buni musobaqaga kelganlar ham e’tirof etishdi. Xalqaro dzyudo federasiyasining jahon chempionati mezbonligini berish qaroriga kelishiga ham aynan shu omil sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Qolaversa, yurtimiz bunday katta musobaqalarni o‘tkazishda tajribaga ega. O‘ylaymanki, 2021 yilgi jahon chempionatini ham barchaning yodida qoladigan darajada o‘tkazamiz», dedi A.Kamilov.

Shu tariqa, Xalqaro dzyudo federasiyasi prezidenti Marius Vizerning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi. Martabali mehmon Istanbul orqali Budapesht shahriga jo‘nab ketdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!