Yurtimizda kinoteatrlar monopoliyasiga nuqta qo‘yildi...mi?

A A A
Yurtimizda kinoteatrlar monopoliyasiga nuqta qo‘yildi...mi?

Bundan buyon kinostudiyalarning davlat tasarrufida bo‘lgan mavjud kinoteatrlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari tugatildi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirovning “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra:
 
Agentlik tizimidagi barcha kinoteatrlarni milliy va xorijiy filmlar bilan ta’minlash markazlashgan holda “Respublika kinoprokat markazi” tomonidan amalga oshiriladi;
 
kinoprokat tizimiga kiruvchi barcha kinoteatrlarda filmlar namoyishini tashkil etish xususiy kinoishlab chiqaruvchilar (studiyalar) va distribyuterlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida “Respublika kinoprokat markazi” tomonidan yo‘lga qo‘yiladi.
 
Endilikda kinoprokat tizimiga kiruvchi Agentlik tizimidagi va boshqa kinoteatrlarda “Respublika kinoprokat markazi” bilan prokat shartnomalari tuzilmagan va repertuar rejaga kiritilmagan filmlar namoyishini amalga oshirish mumkin emas. 
 
Agentlik tizimidagi “Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyi”ga (Toshkent shahri) va “Sharq yulduzi kinoteatri”ga (Samarqand shahri), “Alisher Navoiy nomli kinoteatr” (Farg‘ona shahri) qarashli bo‘lgan barcha kinoafisha stendlari yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlash uchun operativ boshqaruv asosida “Respublika kinoprokat markazi” ixtiyoriga o‘tkazib beriladi va ular zamonaviy elektron stendlarga bosqichma-bosqich almashtiriladi.
 
Shu bilan birga, tizimda shaffoflikni ta’minlash maqsadida kinoteatrlar optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat elektron tarmog‘iga ulanadi va ularda elektron kinochiptalarni yuritish avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinadi.
 
Ma’lumot o‘rnida, bu borada joriy yil 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda joriy yil 6 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!