Suriya: Idlibda qurolli to‘qnashuvlar qayta jonlanmoqda

Suriya: Idlibda qurolli to‘qnashuvlar qayta jonlanmoqda
2011 yilda hukumat harbiy kuchlari hamda muxolifatchi guruhlar nizolari asosida yuzaga kelgan Idlibdagi fuqarolar urushi keyinchalik terror guruhlari ta’siri ostida yanada kuchayib bordi.
8 yildan buyon davom etayotgan ushbu harbiy nizolar mintaqa aholisining turmushini og‘irlashishi, yuzlab kishilarning qurbon bo‘lishi, ko‘plab aholining o‘z yurtini tashlab ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu haqda 19 fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, 18 fevral kuni Idlibda amalga oshirilgan ikki qo‘poruvchilik harakati oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, 70 dan ortiq aholi jabrlangan.
─ Idlib hamda Shimoliy Halab shaharlari aholisi dahshatli ahvolda yashamoqda, ─ deydi Bachelet xonim. ─ Hozirda mintaqa aholisi ikki olov orasida kun ko‘rmoqda. Bir tomondan hukumat va muxolifat guruhi o‘rtasidagi harbiy harakatlar, ikkinchi tomondan esa Hayot Tahrir ash-Shom terror guruhi tomonidan tinch aholiga qaratilgan qurolli hujumlar.
2018 yilning sentyabr oyida Rossiya va Turkiya hukumatlari Idlibda demilitarizasiya hududini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdi. Hukumatga qarshi muxolifat guruhlar hududni tark etgan edi.
Biroq amalga oshirilgan tadbirlarga qaramasdan, mazkur yilning dekabr oyidan Suriyaning Idlib, Hama va Halab viloyatlarida hukumatga qarshi guruhlar bilan birga terror guruhlarining harbiy harakatlari yanada kuchaydi.
Ushbu holatlarni qayd etar ekan, Mishel Bachelet murojaatida mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish, barqaror tinchlikni ta’minlash hamda terror guruhlari ustidan g‘alaba qozonishda hukumatning qarama-qarshi tomonlarini o‘zaro birdamlikka chaqirdi.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!