Senat: 3 yilda 2 ming 72 nafar shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilingan

Senat: 3 yilda 2 ming 72 nafar shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilingan

Keyingi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni ortib bormoqda. Mavjud huquqiy mexanizmlar uning oldini olish hamda jabrlanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayapti.

Oxirgi 3 yilda 2 ming 72 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Shundan 1 ming 777 nafari, ya’ni 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun javobgarlikka tortilgan.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.

Majlisda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu qonun yuqoridagi kabi salbiy holatlarga barham berishiga ishonch bildirildi. Chunki qonunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilgan.

Xususan, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek, bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi, himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishi mumkinligi aks ettirilmoqda. Shuningdek, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensasiya qilinishini talab qilish ham belgilanmoqda.

Qonunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek, o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda.

Qonun bilan ota-onalar mas’uliyati yana bir karra oshiriladi. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Muhokama jarayonida ushbu qonunning qabul qilinishi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, shuningdek, hududlardan mahalliy kengashlarning tegishli doimiy komissiyasi a’zolari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!