Qarshi tumanida hashar yo‘li bilan qurilgan ko‘prik qulab tushdi. Hokimlik ko‘prik ta’mirlanayotganini ma’lum qildi

Qarshi tumanida hashar yo‘li bilan qurilgan ko‘prik qulab tushdi. Hokimlik ko‘prik ta’mirlanayotganini ma’lum qildi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan ko‘prik qulab tushgach, zamonaviy, aholi uchun qulay holatga keltiriladigan bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati rahbari To‘lqin Turdiyev xabar berdi.

Bildirilishicha, tumanning “Shodlik” mahallasi Qumboyg‘undi qishlog‘idagi ko‘prik ayni kunlarda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang tarzda Qarshi tumanida ham aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadidagi amaliy ishlar davom etmoqda. Joriy yilda ham ko‘plab xayrli amallar hashar yo‘li orqali bajarilib, aholining og‘iri yengillashtirilmoqda. Xususan, “Shodlik” mahallasi Qumboyg‘undi qishlog‘idagi 1970 yillarda qurilgan ko‘prik umuman ta’mirlanmagan edi.
Shu bois qishloq ahli tuman hokimiga murojaat bilan chiqdi. Murojaat ortidan zudlik bilan ko‘rilgan choralar natijasida, mazkur ko‘prikni qayta qurish ishlari boshlab yuborildi. Tezda ko‘rilgan choralardan qishloq ahli behad xursand, — deydi To‘lqin Turdiyev.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu ko‘prik qurilgach, atrofiga muhofaza panjaralari ham o‘rnatiladi.

Qishlog‘imizdagi ko‘prik yetmishinchi yillarda qurilgan, o‘tib-qaytish xavfli edi. Qishloq ahli qatnovi uchun juda zaruriy ushbu ko‘prik, mana baquvvat, xavfsiz va qulay ko‘rinishga keltirilyapti. Prezidentimizga hamda viloyat rahbarimizga e’tibor uchun, bizning murojaatimiz ijobiy hal etilgani uchun qishloq ahli nomidan o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, — deydi qishloq fuqarosi Norboy bobo.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil Qashqadaryoga tashrif bilan borgan Shavkat Mirziyoyev prezidentga xat yozayotgan qashqadaryoliklarning aksariyati ko‘priklar qurib berishni so‘raganini aytgandi.

Qishloqda yashayotgan odamlar rozimi? Menga kelgan xatlarning ko‘pida ‘ko‘prik qurib bering, prezident buva’ deb yozishgan, — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga murojaat qilarkan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!